Toshkentda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo`yicha vakili (Ombudsman)ning 2018 yildagi faoliyati to`g`risidagi O`zbekiston ekologik harakati deputatlar guruhining yig`ilishi bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zA xabar berdi.
Ma`lum bo`lishicha, 2018 yilda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo`yicha vakili (Ombudsman) nomiga jami 10 ming 832 ta murojaat kelib tushdi.
Shundan 71 ta murojaat fuqarolarning ekologik huquqlari bilan bog`liq. Murojaatlar orasida 67 ta shikoyat, 3 ta ariza va 1 ta taklif mavjud. Ularda daraxtlar kesilishi, aholi sug`orma va ichimlik suv bilan ta`minlanishi, maishiy chiqindilar uyumlari buning uchun belgilangan joylarda to`planishi ko`tarilgan.
Qayd etilishicha, shikoyatlarni ko`rib chiqish jarayonida fuqarolarning toza atrof muhitga bo`lgan huquqlarini tiklash hamda inson hayoti va faoliyatining ekologiyaga salbiy ta`sirining oldini olish yuzasidan choralar ko`rildi. Jumladan,
Ombudsmanning Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo`mitasiga murojaatiga ko`ra, Toshkent shahri Yunusobod tumanida tegishli ruxsatnomalarsiz daraxtlarni kesish bilan shug`ullangan ikki shaxs ma`muriy javobgarlikka tortildi va 1,9 million so`mlik zarar qoplandi.






