AsosiyJamiyat

Namanganda yangi vokzal foydalanishga topshiriladi

'Namanganda yangi vokzal foydalanishga topshiriladi'ning rasmi

Namangan temir yo`l vokzalini yangidan qurish bo`yicha bunyodkorlik ishlari jadal sur`atlarda olib borilmoqda, deb xabar beradi «O`zbekiston temir yo`llari» axborot xizmati.

Qayd etilishicha, 3 qavatdan iborat bino qurilishi «O`ztemiryo`lyo`lovchi» aksiyadorlik jamiyati buyurtmasi asosida «Boshtransloyiha» aksiyadorlik jamiyati tomonidan loyihalashtirilgan.

Qurilish-montaj ishlariga «Qurilish universal kompakt servis» mas`uliyati cheklangan jamiyati mutaxassislari jalb etilgan. Qurilishga 100 nafardan ortiq ishchi-xodimlar va o`nlab zamonaviy texnikalar jalb etilgan. Ayni kunlarda barcha qavatlarda joylashgan xonalarda qurilish-montaj jarayoni yakunlanib, pardozlash ishlari olib borilmoqda. Perron ham zamonaviy tarzda kengaytirilyapti.

Yangi vokzal ishga tushirilgach, bir vaqtning o`zida 500 nafar yo`lovchiga xizmat ko`rsatiladi. Bu erda kutish va VIP zallari, ona va bola xonasi, tibbiyot punkti, umumiy ovqatlanish maskani hamda savdo shoxobchalari tashkil qilinadi. Yuqori qavatga ko`tarilish uchun zamonaviy liftlar o`rnatiladi. Shuningdek, kutish zallarida yo`lovchi poezdlarning qatnov jadvali aks etgan elektron oyna, Wi-Fi internet tizimi, elektron kutubxona joriy etiladi.

Vokzaldagi qurilish ishlari barobarida uning yon tomonida joylashgan «Lokomotiv» mehmonxonasi ham qayta ta`mirlanmoqda. Mehmonxona 5 qavatdan iborat bo`lib, birinchi hamda ikkinchi qavatlardan vokzalning ma`muriy binosi o`rin oladi. Temir yo`l chiptaxonasi ham mehmonxona hududida.

Shuningdek, loyiha doirasida vokzal hududi tubdan obodonlashtirilib, turli xil gul ko`chatlari va xushmanzara daraxtlar ekilyapti. Bunyod etilayotgan ulkan favvora esa vokzal ko`rkiga o`zgacha chiroy baxsh etadi. Bino oldida yozgi ayvon qurilishi bo`yicha ishlar jadal sur`atda olib borilmoqda.

    Boshqa yangiliklar