Avval xabar qilganimizdek, Turkiyaning Istanbul shahrida 12-14 fevral kunlari Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti Evropa mintaqaviy byurosining Sog`liqni saqlash sohasidagi favqulodda vaziyatlardan odamlarni himoya qilish bo`yicha sa`y-harakatlarni birlashtirish mavzusiga bag`ishlangan oliy darajadagi vazirlar yig`ilishi bo`lib o`tdi.
O`zbekiston delegasiyasi ham faol qatnashayotgan mazkur yig`ilishda ko`plab dolzarb masalalar muhokama etildi. Unda sog`liqni saqlash sohasidagi favqulodda vaziyatlardan odamlarni himoya qilish bo`yicha ishtirokchi mamlakatlarning tayyorgarligini kuchaytirish bo`yicha sa`y-harakatlarni muvofiqlashtirish, bu borada nazorat tuzilmasi, monitoring va baholash mexanizmini yaratish, o`zaro tajriba almashish va muloqotlarni ko`paytirish masalalariga ustuvor ahamiyat berildi. Shuningdek, Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti va hamkorlarni qo`llab-quvvatlashga chorlaydigan ustuvor yo`nalishlar va innovasion yondashuvlarni aniqlash, eng muhimi, mintaqa uchun belgilab olingan tadbirlar ijrosini to`liq ta`minlashda barcha davlatlarning jiddiy e`tibor qaratishi juda muhim ekanligi ta`kidlandi.

Yig`ilish doirasida O`zbekiston Respublikasi sog`liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov Gruziya, Armaniston va Turkmaniston sog`liqni saqlash vazirlari bilan uchrashdi. Muloqotlarda o`zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb jihatlari muhokama qilindi. Shu o`rinda A.Shadmanovning Turkiya sog`liqni saqlash vaziri Faxruddin Qovja bilan bo`lib o`tgan uchrashuvini alohida ta`kidlash joiz. Unda o`zaro hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan “Yo`l xaritasi” imzolandi. Uchrashuvda Alisher Shadmanov har ikki davlat rahbarlari tashabbusi bilan barcha sohada, jumladan, tibbiyot sohasidagi hamkorlik jadallik bilan rivojlanib borayotgani, shuningdek, O`zbekistonda investisiyaviy muhit yaxshilanib, investorlarga qulay sharoitlar yaratib berilayotganini alohida qayd etdi. Muloqot jarayonida Toshkentda O`zbek-Turk tibbiyot forumini o`tkazishga kelishib olindi.

Bundan tashqari, hamkorlik doirasida nafaqat Toshkentda balki, viloyatlarda ham zamonaviy tibbiyot klinikalarini tashkil etish, mutaxassislarning o`zaro malaka oshirishi, O`zbekistonda vaksinalar ishlab chiqarishni yo`lga qo`yish kabi muhim masalalar ham muhokama etildi.






