Ko`p yillar ichki ishlar organlarida faoliyat olib borgan Xurshida Jalilova 2012 yilning 29 iyunida Samarqand viloyat IIB tomonidan tayinli sabablarsiz fuqarolikdan mahrum qilingandi.
O`tgan yillar davomida u fuqarolikni qaytarib olish uchun sarson bo`ldi, juda ko`p to`siqlarga uchradi. Buning oqibatida uning ikki o`g`li na ishga joylasha oldi va na oila qurdi.
Etti yillik sarsongarchilikning echimini topishda bu ayolga O`zbekiston Xotin-qizlar qo`mitasi madadkor bo`ldi.
Joriy yilning 11 fevral kuni uning elib-yugurgani o`z samarasini berdi. Xurshida Samarqand shahar fuqarolik va migrasiyani rasmiylashtirish bo`limidan biometrik pasportini olish uchun suratga tushdi.
– Maqsadimga erishishimga menga yaqindan yordam bergani uchun O`zbekiston Xotin-qizlar qo`mitasi xodimlariga minnatdorligimni izhor qilaman, – dedi quvonch yoshlarini yashira olmay Xurshida Jalilova. – Xotin-qizlar qo`mitasi mening murojaatimni e`tibordan chetda qoldirmadi. Men bu insonlardan juda minnatdorman. Murojaat qilganimdan boshlab fuqarolik olgunimga qadar har bir jarayon qo`mita nazoratida bo`ldi. Men Xotin-qizlar qo`mitasida faoliyat yuritadigan har bir jonkuyar xodimga o`z minnatdorligimni izhor etib, ularga ayollarni himoya qilishday mas`uliyatli ishlarida omad tilayman.






