Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov tomonidan tasdiqlangan chora-tadbirlar rejasiga ko`ra Samarqand shahridagi mahalla fuqarolar yig`inlari faoliyati tanqidiy o`rganildi. Bu haqda "Zarnews" xabar berdi.
Shahardagi 18 ta mahallada fuqarolar yig`inlari o`z binosiga ega bo`lmagani bois ularda faoliyat yuritish uchun sharoit yo`q. 16 ta mahalla binosi ta`mirtalab.
30 dan ziyod mahallada mebel jihozlari etishmaydi, kompyuter jamlanmalari eskirgan yoki yaroqsiz holga kelib qolgan. Zarur shart-sharoit yaratilmagani sababli mahallalarda muammolar yildan yilga ortib bormoqda.
Nazorat kamligi, aholi o`rtasida umumprofilaktik tadbirlar o`tkazilmayotganligi sabab hududlarda jinoyatchilik va huquqbuzarliklar ko`paygan. Xususan, 36 (17,3 foiz) mahallada jinoyatlar 2017 yilga nisbatan oshgan. Hatto mahalla raislarining o`zi jinoyatga qo`l urmoqda. Masalan, Ali Qushchi mahallasining sobiq raisi o`z mansab vakolatini suiiste`mol qilib, Beruniy ko`chasida yashagan marhum A.Petrovga tegishli xonadonni nomiga rasmiylashtirib olgan.
Shuningdek, MFY xodimlari, ayniqsa, mas`ul kotib va mahalla posbonlari orasida qo`nimsizlik, bir yil ham ishlamasdan vazifasidan ketish holatlari ko`p uchrayapti. Ayni paytda shaharda 11 ta mahalla raisi, 3 ta mas`ul kotib, 27 ta mahalla posboni vazifasi vakant bo`lib turibdi.






