Prezident Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi tarkibidagi «O`qituvchi» nashriyot-matbaa ijodiy uyi ikkita tuzilmaga ajratiladi, nashriyot nomi ostida ilmiy-uslubiy noshirlik markazi va matbaa uyi tashkil etiladi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.
Ilmiy-uslubiy noshirlik markazini tashkil etishdan maqsad – uzluksiz ta`lim tizimida Maktabgacha ta`lim, Xalq ta`limi hamda Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi bilan hamkorlikda yangi avlod darsliklarini ishlab chiqishdan iborat deb belgilangan.
Agentlik Bosh direktori Komil Allamjonovning ta`kidlashicha, «Markazda ilm-fan mutaxassislari, yuqori pedagogik tajribaga ega soha vakillari hamda mas`uliyatli muharrirlar, musahhihlar guruhi jamlanadi. Ularga zamon talablariga javob beradigan, innovasion yangi avlod darsliklarini ishlab chiqishlari uchun barcha zaruriy sharoit va qulayliklar yaratib beriladi».
«O`qituvchi» ilmiy-uslubiy noshirlik markazi darsliklar va o`quv qo`llanmalarining sifati va bezatilishini yaxshilash, bu borada zamonaviy jahon tajribalarini joriy etish, darslik loyihalarini tayyorlashda davlat standartlari hamda sanitariya me`yorlariga tegishli o`zgartirish va qo`shimcha kiritish bo`yicha takliflarni ishlab chiqadi, shuningdek, maktab darsliklarini tayyorlash tartibini to`liq qayta ko`rib chiqadi.






