Andijon viloyati Andijon tumanida fuqarolik, ma`muriy, iqtisodiy va jinoyat ishlari bo`yicha viloyat sudlari raislarining sayyor qabuli o`tkazildi.
Qabul oldidan tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizda fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kengaytirish, sud tizimini isloh qilish, odil sudlovga erishish darajasini, sud ishi yurituvi sifatini, fuqarolarning huquqiy bilimi va madaniyatini oshirish, sud, huquq-tartibot idoralari xodimlari va keng jamoatchilik hamkorligini mustahkamlash borasida izchil ishlar olib borilayotgani ta`kidlandi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2018 yil 28 dekabrdagi parlamentga Murojaatnomasi mazmun-mohiyati, unda belgilangan muhim vazifalar, xususan, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikning oldini olish haqida atroflicha so`z yuritildi.
– Tadbirni o`tkazishdan ko`zlangan asosiy maqsad sud idoralari tomonidan qonun va adolat ustuvorligini ta`minlash, jinoyatchilik profilaktikasi borasidagi ishlar samaradorligini oshirish, fuqarolar muammosini hal etishga ko`maklashishdan iborat, – deydi Jinoyat ishlari bo`yicha viloyat sudi raisi Vohidjon Nazarov. – Shuningdek, fuqarolarning sud idoralariga ishonchini mustahkamlash, huquqiy bilimini oshirishga qaratilgan ishlar ko`lamini yanada kengaytirish ko`zda tutilgan.
Tadbir doirasida diniy-ekstremistik oqimlar a`zosi bo`lgan hamda jazoni o`tash muassasalaridan ozod etilgan bir guruh fuqarolar bilan muloqot o`tkazildi. Ularni qiynayotgan muammolarni bartaraf etish bo`yicha tavsiya va maslahatlar berildi.
Sayyor qabul davomida fuqarolar o`zlarini qiynayotgan turli masalalar yuzasidan fuqarolik, ma`muriy, iqtisodiy va jinoyat ishlari bo`yicha viloyat sudlari raislari qabulida bo`ldi.
– O`g`rilik jinoyati bilan ikki yil muddatga shartli ravishda ozodlikdan mahrum etilganman, – deydi Andijon tumani Beshbo`ynoq mahallasida yashovchi A.Arslonov (ism-sharifi o`zgartirilgan). – To`rt nafar farzandim bor, oilamiz qiyinchilik bilan hayot kechirmoqda. Mavsumiy ishlarda ishlab, oilamni moddiy ta`minlashga etadigan darajada daromad topa olmayapman. Buning oqibatida uyda turli nizolar kelib chiqmoqda. Yaqin tanishim xorijga, o`zi ishlayotgan joyga, maoshi yuqori bo`lgan ishga taklif qilmoqda. Lekin belgilangan jazoning bir yarim yilini o`taganim bois, ayni paytda qonunan xorijga chiqolmayman. Qabulda Jinoyat ishlari bo`yicha viloyat sudi raisiga jazo muddati qisqartirilishida yordam berishini so`rab murojaat qildim. Murojaatim yuzasidan zarur tushuncha, tavsiya va maslahatlar oldim.
– Pensiya yoshiga etib, o`tgan yili nafaqaga chiqish uchun Pensiya jamg`armasiga tegishli hujjatlar taqdim etganman, – deydi Andijon tumani No`hatak mahallasida yashovchi Qimmatxon Ro`zieva. – Oradan ancha vaqt o`tib, qo`shimcha hujjatlar taqdim etishim so`raldi. Qo`shimcha hujjatlarni olib borganimda esa avvalgi hujjatlarimni yo`qotishgani va hozir topisholmayotganini aytishdi. Bor-kel bilan salkam bir yil vaqt o`tib ketdi. Lekin haligacha pensiyaga chiqmadim. Ana shu masala yuzasidan fuqarolik ishlari bo`yicha viloyat sudi raisiga murojaat qildim. Murojaatim bo`yicha Pensiya jamg`armasi mutaxassislari ishtirokida menga zarur tushuncha va tavsiyalar berildi. Meni qiynayotgan muammo yaqin kunlar ichida hal etiladigan bo`ldi.






