AsosiyJamiyat

Adliya vazirligi o`qituvchilarning oylik ish haqidan ushlab qolish noqonuniy ekanini aniqladi

'Adliya vazirligi o`qituvchilarning oylik ish haqidan ushlab qolish noqonuniy ekanini aniqladi'ning rasmi

Avvalroq o`qituvchilar maoshidan 500 mingdan ushlab qolgan XTB xodimlari jazoga tortilgani haqida xabar bergan edik.

Qoraqalpog`iston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ushbu holat yuzasidan Amudaryo tumanida o`rganish o`tkazildi.

Aniqlanishicha, Amudaryo tuman hokimligi tomonidan tumandagi byudjet tashkilotlari ishchi xodimlarining tabiiy gaz, elektr energiyasi, ichimlik suvi hamda maishiy chiqindi to`lovlari bo`yicha 2019 yil fevral oyi uchun reja tasdiqlangan.

Qoraqalpog`iston Respublikasi Adliya vazirligi ma`lumotiga ko`ra, xalq ta`limi bo`limiga kommunal to`lovlar uchun 600 mln.so`mlik majburiy reja belgilab berilgan. Shu sababli, tuman xalq ta`limi bo`limi tomonidan tumandagi 82 ta umumta`lim maktabida ishlovchi 3 288 ta xodimlarning ish haqidan jami 440 mln. so`mlik pul mablag`lari ushlab qolingan.

Xalq ta`limi bo`limi tomonidan maktablar xodimlarining ish haqlaridan kommunal to`lovlar uchun ushlab qolishda “Tashkilotlar va muassasalar tomonidan o`z xodimlaridan kommunal xizmatlar uchun to`lovni ish haqidan ushlab qolish ko`rinishida qabul qilish tartibi to`g`risida”gi nizom talablariga rioya qilinmagan.

Nizomga ko`ra, tashkilotlar kommunal xizmatlar uchun ish haqidan yig`imlarni xodimlarning yozma roziligi bilan ushlab qolishi shart.

Biroq, kommunal to`lov uchun oylik ish haqi ushlab qolingan 783 nafar xodimdan rozilik ariza olinmagan va jami 118 mln. so`m mablag` kommunal xizmat ko`rsatuvchi korxonalar hisob varag`iga o`tkazib berilgan.

Shuningdek, Nizomning 3-bandida kommunal xizmatlar uchun ish haqidan ushlanma to`g`risidagi arizada xodim o`z shaxsiy hisob varag`i, kommunal xizmatlar qiymati va turi, kommunal tashkilot rekvizitlari va ushlanma amalga oshirilishi zarur bo`lgan davrni ko`rsatishi kerakligi belgilangan.

Lekin, kommunal to`lov uchun ushlab qolingan 2 016 nafar xodimdan olingan arizalarda shaxsiy hisob raqami, to`lanayotgan davr, kommunal xizmatlar qiymati va turi ko`rsatilmasdan jami 256 mln. so`m mablag` ushlab qolingan.

Ma`lumot uchun. 489 nafar xodimning (65 mln. so`mlik) pul mablag`ini ushlab qolishda Nizom talablariga rioya qilingan.

O`rganish natijasi bo`yicha aniqlangan qonun buzilish holatlarini bartaraf etish va bunga yo`l qo`ygan mas`ul shaxslarga nisbatan intizomiy chora ko`rish haqida 2019 yil 9 fevral kuni Amudaryo tuman hokimligi va xalq ta`limi bo`limiga taqdimnoma kiritilib, ijrosi nazoratga olindi.

Har bir fuqaro mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash va bu uchun adolatli haq olish huquqiga egadir. Xodimlarning ish haqidan faqat ularning roziligi bilan yoki sud qarori asosida ushlab qolinishi mumkin. Boshqa asoslarga ko`ra ularning ish haqining ma`lum qismini ushlab qolishga yo`l qo`yilmaydi.

    Boshqa yangiliklar