Bozor iqtisodiyotida «xufyona iqtisodiyot» degan atama bor. Bu – tadbirkorlikni yashirin tarzda amalga oshirish orqali soliq to`lashdan bo`yin tovlash hamda sog`lom raqobat muhitiga salbiy ta`sir ko`rsatish deganidir.
Ayni kunlarda Toshkent shahar davlat soliq xizmati organlari xodimlari tomonidan yashirin faoliyat yuritishni cheklash, noqonuniy hatti-harakatlarga barham berish hamda soliqlarni o`z vaqtida to`lab kelayotgan insofli tadbirkorlarni rag`batlantirish maqsadida profiliktik tadbirlar o`tkazilmoqda.
Jumladan, poytaxtimizning Olmazor tumani, Farobiy ko`chasi, 426-uyda fuqaro Begali Turg`unov (ism familiyalar o`zgartirilgan) 80 turdagi umumiy qiymati 1 milliard so`mdan ziyod 1858 dona gilam mahsulotlarini hech qanday hujjatlarsiz, noqonuniy ravishda savdoga qo`yganligi aniqlandi.
Ushbu savdo do`konidagi bir-biridan bejirim gilamlar har qanday xaridorni o`ziga jalb qilishi shubhasiz. Ammo, nazorat tadbirida «uddaburon tadbirkordan» mazkur mahsulotlarning kirim hujjatlari va tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanish uchun ruxsatnomalar so`ralganida sukut saqlashdan nariga o`tmadi.
Profiliktik tadbirlar davomida yana bir fuqaro Furqat Asrorov (ism familiyalar o`zgartirilgan) Olmazor tumani, Qora-Qamish 2/4 dahasi, Yunusova ko`chasida davlat ro`yxatidan o`tmasdan yashirin sex tashkil etib, erkaklar poyafzali ishlab chiqarish faoliyati bilan shug`ullanib kelayotganligi aniqlandi. Eng achinarlisi, yong`in xavfsizligi, tibbiy gigenik qoidalarga zid ravishda faoliyat yuritayotgan ushbu korxonada 20 nafarga yaqin fuqaro norasmiy ravishda yollanib, ishlab kelmoqda.
Nazorat tadbiri davomida faoliyatini boshlab, ammo tadbirkor sifatida ro`yxatdan o`tmagan ushbu fuqarolarga ro`yxatdan o`tish tartibi, soliq to`lovlari, noqonuniy tadbirkorlikning salbiy oqibatlari hamda qonuniy faoliyat yuritishning afzalliklari batafsil tushuntirildi. Shundan so`ng ular soliq idoralari ham amaliy ham huquqiy ko`magi bilan tadbirkor sifatida ro`yxatdan o`tdi.
Toshkent shahar davlat soliq xizmati organlari tomonidan “Soliq xizmati – insofli soliq to`lovchilarning ishonchli hamkori” degan maqsadli vazifani so`zsiz bajarish yuzasidan o`tkazilayotgan bu kabi profilaktik tadbirlar davom ettiriladi.






