Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o`zbek tili va adabiyoti universiteti talabalari tashabbusi bilan “Navoiy va biz” aksiyasi o`tkazilmoqda. Bu haqda Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligining rasmiy telegram kanali xabar berdi.
Aksiya doirasida Navoiy siymosi poytaxtimizning eng gavjum maskanlari bo`ylab sayohat qilmoqda. Ushbu loyiha katta-yu kichikka manzur bo`layotgani aniq.
Biz yangi yil arafasida ko`cha-ko`ylarda qorbobo va qorqizni uchratishga o`rganib qolganmiz, lekin Navoiy siymosiga daf`atan duch kelsak, negadir ajablanib qolamiz. Bu ajoyib g`oya, shunday emasmi?
Endilikda siz har yili Navoiyxonlik oyligida metro, bozor va ko`ngilochar maskanlarda Navoiy va uning shogirdlari tilidan eng latif g`azallarni tinglashingiz, viktorinada ishtirok etib esdalik sovg`alariga ega bo`lishingiz mumkin.






