Toshkent metropolitenining Alisher Navoiy bekatida Xalq ta`limi vazirligi, Respublika bolalar kutubxonasi, Toshkent metropoliteni boshqarmasi hamkorligida “Navoiy gulshani” deb nomlangan aksiya o`tkazildi, deb xabar bermoqda O`zA.
Buyuk shoir, davlat arbobi Alisher Navoiy tavalludining 578 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan aksiya Alisher Navoiy adabiy merosini o`rganish, uning avlodlarga qoldirgan boy madaniy-ma`rifiy merosini targ`ib qilishga xizmat qildi.
Aksiyada metroning kirish qismida yo`lovchilarga Alisher Navoiyning hayoti, ijodiga oid savollar berildi. Shuningdek, shoir g`azallaridan namunalar o`qib berish so`raldi. G`olib yo`lovchilar metropolitendan foydalanish uchun bir martalik jeton va badiiy kitoblar bilan taqdirlandi. Tadbirda yurtdoshlarimiz faol qatnashdi. Navoiy asarlaridan parchalar yozilgan tarqatma materiallar yo`lovchilarga tarqatildi. Qatnashchilar o`zlariga berilgan baytni baland ovozda o`qidi.

Tadbirdan ko`zlangan maqsad yurtdoshlarimizni, ayniqsa, yoshlarni kitobxonlikka jalb etishdir. Targ`ibotning o`ziga xos bu usuli juda qiziq va ko`tarinki kayfiyatda o`tdi.
Noyob va betakror me`morchilik san`atini o`zida jamlagan Toshkent metropolitenining Alisher Navoiy metro bekati 1984 yilning 8 dekabrida ishga tushirilgan bo`lib, dunyodagi eng go`zal metro bekatlaridan biri hisoblanadi.
Yo`lovchilar Alisher Navoiy metro bekatida mutafakkirning o`lmas ijodini yana bir bor yodga oldi.






