Yangi yil mamlakat yoshlari, ayniqsa, “Xalqaro yoshlar oromgohi”da hordiq chiqarayotgan 192 nafar a`lochi o`quvchi uchun quvnoq do`stlar davrasi, maroqli va foydali ta`til bilan boshlandi. 3 yanvardan buyon davom etayotgan “A`lo ta`til” loyihasi o`quvchi-yoshlar uchun do`stlik rishtalarini bog`lash, bilim va tajriba orttirish uchun mahorat maktabi vazifasini o`tamoqda.
Bugun loyiha doirasida “Mening ijod mahsulim” Respublika o`quvchi-yoshlar media-festivalining Respublika bosqichi yakunlandi. Media-festival Xalq ta`limi vazirligi va O`zbekiston Yoshlar ittifoqi hamkorligi hamda O`zbekiston Milliy axborot agentligi, O`zbekiston milliy teleradiokompaniyasi, O`zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi ko`magida tashkil etildi.
6 yo`nalish bo`yicha tashkil etilgan media-festivalning saralash bosqichidan o`tgan 44 nafar o`quvchi o`zi tayyorlab kelgan ijod mahsuli bilan ishtirok etdi. Barcha yo`nalishdagi ijod namunalari respublikaning turli hududlaridagi maktablar va o`quvchilar hayotidan hikoya qiladi. Taqdim etilgan ijod mahsullarini soha mutaxassislari baholadilar.
— O`quvchi-yoshlar media-festivali birinchi marta o`tkazilishiga qaramay, unda ishtirok etish istagini bildirgan o`quvchilar soni 1786 nafarni tashkil etdi, — deydi Xalq ta`limi vazirligi o`quvchi va yoshlar tashkilotlari bilan ishlash boshqarmasi bosh mutaxassisi Aziz Bahodirov. — Unda 8-11 sinf o`quvchilari, ya`ni 14 yoshdan 18 yoshgacha bo`lgan o`quvchi-yoshlar ishtirok etdi. Ishtirokchilar “Eng yaxshi ijtimoiy rolik”, “Eng yaxshi media ishlanma”, “Eng yaxshi targ`ibot katalogi”, “Eng yaxshi maktab ro`znomasi”, “Eng yaxshi maktab radioeshittirishi” hamda “Mening orzuyimdagi zamonaviy maktab” loyihasi yo`nalishlarida bahslashdi. 6 ta mualliflik ishi uchun laureatlar va nominasiyalar bo`yicha g`oliblar aniqlandi.
“Eng yaxshi ijtimoiy rolik” yo`nalishida Qoraqalpog`iston Respublikasidan Aysuluv Baltamuratova, “Eng yaxshi mediaishlanma” yo`nalishida Xorazm viloyatidan Javohir Shomuratov, “Eng yaxshi targ`ibot katalogi” yo`nalishida farg`onalik Qilichbek Qurbonov, “Eng yaxshi maktab ro`znomasi” yo`nalishida Sirdaryo viloyatidan Yorqinjon Hayitboev, “Eng yaxshi radioeshittirish” yo`nalishida Toshkent shahridan Nasiba Abdullaeva g`oliblikni qo`lga kiritdi.
Ishtirokchilar uchun Toshkent shahridagi INHA universiteti o`qituvchilari, “Madaniyat va maʼrifat”, “MY5” hamda “Sevimli” telekanallari muharrirlari tomonidan master-klass tashkil etildi.
G`olib va sovrindorlarni Xalq ta`limi vaziri o`rinbosari Dilshod Kenjaev diplom, sertifikat hamda esdalik sovg`alari bilan taqdirladi.
Shohida Damanova






