AsosiyJamiyat

Nima uchun ayrim hokimlar xodimlariga qo`pol munosabatda bo`ladi?​ Ushbu savolga Farg`ona viloyati hokimi javob berdi

'Nima uchun ayrim hokimlar xodimlariga qo`pol munosabatda bo`ladi?​ Ushbu savolga Farg`ona viloyati hokimi javob berdi'ning rasmi

– Ba`zi ijtimoiy tarmoqlarda viloyatda hokimlar qo`l ostidagi xodimlarga qo`pol munosabatda bo`layotgani haqida xabarlar tarqaldi. Sizning nazaringizda, bugungi rahbar, hokim qanday bo`lishi kerak?

Shuhrat G`aniev, Farg`ona viloyati hokimi: Farg`ona viloyati hokimi:

– Mamlakatimizda keyingi ikki yilda amalga oshirilayotgan islohotlar bugun dunyo hamjamiyati tomonidan e`tirof etilib, barchamizning zimmamizga katta mas`uliyat yuklamoqda.Davlatimiz rahbari ta`kidlaganidek, tanqidiy tahlil, qat`iy intizom va shaxsiy javobgarlik har bir rahbar faoliyatining kundalik qoidasi bo`lib qolishi kerak.

“Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” degan ezgu tamoyil asosida olib borilayotgan ishlar natijasida davlat organlari va xalq o`rtasida ishonch ortib, inson manfaati, qadr-qimmati yanada ardoqlandi.

Agar biz dunyo halqlari bilan teng hamkorlikda, hech kimdan kam bo`lmay turmush kechirishni, farzandlar kamolini ko`rishni istasak, barcha birgalikda harakat qilishi, ezgu niyatlarimiz yo`lidagi kamchilik va to`siqlarni bartaraf etishga birga kurashishimiz lozim. Erisholmagan yutuqlarimiz va boy berilgan imkoniyatlar uchun kimnidir aybdor qilish emas, aksincha bunga mas`ul bo`lgan rahbarning, hokimning atrofiga jipslashishimiz shu vazifalarni bajarishga o`z hissamizni qo`shishimiz muhimdir.

Shu o`rinda hokimlarimiz ham bir narsani chuqur anglab olishlari lozim, qaerda bunyodkorlik ishlari olib borilsa, xalqning ruhi ko`tariladi, ertangi kunga ishonchi ortadi. Qaerda tadbirkorlik muhiti yaxshilansa, tadbirkorlarning boshi qovushtirilib faoliyatlari rivoji ko`mak berilsa, investision muhit yaxshilansa, investisiya jalb qilinsa, o`sha hudud iqtisodi rivoj topadi va yuqoridagi vazifalarni amalga oshirish imkoni bo`ladi.

Bugun hudud hokimi har qachongidan ko`ra ko`proq izlanadigan, mavjud imkoniyatlardan oqilona foydalanadigan, eng samarali yangilik va tashabbuslar qila olishi lozim. Shiddat bilan o`tayotgan vaqt, raqobatlar kuchayotgan muhit, insonlar ehtiyoji o`sib borayotgan jarayonda shunchaki hisobotlar bilan ish yuritib bo`lmaydi. Aholi bugun amaliy natijalarni ko`rishni xohlaydi.

To`g`ri, ba`zan ijtimoiy tarmoqlarda rahbarlarning xodimlarga qo`pol munosabatda bo`lganligi haqida xabarlar ham tarqalib qoladi. Bu voqelikka hech kim befarq emasligidan, jamoatchilik nazoratining kuchayib borayotganidan dalolatdir. To`g`ri, rahbar ham inson, u ham xato qilishi mumkin, ammo u hech qachon qo`l ostidagilarni tahqirlashga qonunan ham, ma`nan ham haqli emas.

Bugungi rahbar yuksak bilimli, ma`naviyatli, katta hayotiy tajribaga ega, izlanuvchan, mustaqil fikrlay oladigan, mas`uliyatli va fidoiy bo`lib, yurtimizning ravnaqi uchun butun kuch-g`ayratini sarf etishi shart. O`zining yurish-turishi, gap-so`zi, muomala-madaniyati bilan barchaga ibrat bo`lishi lozim. Har qaysi rahbar –u hokimmi korxona, tashkilot rahbari bo`ladimi bu lavozimni unga berilgan sinov deb bilishi, o`zidan yaxshi nom va yaxshi iz qoldirishga, farzandlariga o`rnak bo`lishga berilgan imkoniyat deb bilishi lozim.Rahbar talabchan bo`lish bilan birga, mudom xalq dardi, odamlar tashvishi bilan yashamas ekan, ularni ichiga kira olmaydi, islohotlarning ijrosini hech qachon ta`minlay olmaydi.

Ayrim hollarda hokimlarimizning qo`l ostidagi xodimlarga qattiq talablar qo`yishi uchrab turadi. Biroq rahbarda qat`iyatlik, talabchanlik etishmasa, belgilangan vazifalarni o`z vaqtida amalga oshira olmaydi. Hech bir hokim ko`ngilxushlik uchun ovozini baland ko`tarib gapirmaydi.

Shu o`rinda afsus bilan ta`kidlash lozimki, ayrim xodimlarimizda hali ham eski usulda faqat yuqorining topshirig`ini kutib, hisobotdan-hisobotgacha ishlash, kunlik mayda ishlar bilan o`ralashib yurish hollari uchraydi. Axir hududlarni kompleks rivojlantirish, pirovardida, xalqni rozi qilishda har bir soha, har bir xodimning o`z o`rni va hissasi bo`lishi kerak. Har birimiz huquqlarimiz bilan birga burch va ma`suliyatimizni unutmasligimiz lozim. Bugun oldimizda juda ulkan vazifalar, yuksak marralar turibdi. Jonajon vatanimizning porloq kelajagi va taraqqiyoti uchun barchamiz jips va ahil bo`lib, yanada g`ayrat bilan mehnat qilishimiz har qachongidan muhimdir.

    Boshqa yangiliklar