Millionlab dollar sarmoya kiritilgan va xorijiy brendlar bilan hamkorlik o`rnatgan Samarqanddagi «SINO» aksiyadorlik jamiyati joriy yilning yozida bankrot deb topilgan edi. «O`zeltexsanoat» uyushmasida o`tkazilgan brifingda uyushma raisi Alisher Abdullaev qarorda bu borada alohida band kiritilganini izohladi, deb xabar bermoqda O`zA.
Prezidentning 2019 yil 4 yanvar kuni imzolangan «Elektrotexnika sanoatining eksport salohiyatini yanada rivojlantirish va oshirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi qarorida «SINO»ni «nol» xarid qiymati bo`yicha korxonaning kreditorlar oldidagi qarzini to`lash bilan bir vaqtda korxonaning faoliyatini sog`lomlashtirish uchun investisiyalar kiritish sharti bilan topshirish to`g`risidagi taklifga rozilik berilgan.
– Mazkur korxonaning ikki milliard qarzi bor edi, – deydi uyushma raisi. – Ochig`i, uning oldingi rahbari qamoqqa olingan. O`tgan yilning oktyabr oyida jinoyat ishi qo`zg`atilgan. Albatta, bunday holat bizning nomimizga ham yaxshi emas. Shunday bo`lsa-da, biz korxonani sog`lomlashtirish taklifini ilgari surdik. Axir, tayyor korxona tarqalib ketishi emas, rivojlanishi kerak. U davlatdan, banklardan olingan pullarni qaytarishi kerak. Vaholanki, bu pullar etimlarni, armiyani va kam ta`minlangan oilalarning puli va u albatta davlatga qaytishi kerak. Shuningdek, qanchadan-qancha ish o`rni yaratilib, oilalar manfaati ta`minlanayotgan edi.
Ayni vaqtda Koreya, Xitoy kabi davlatlarda kamida to`rtta kompaniya uni olib, ishlatishni xohlamoqda. Biz ular o`rtasida tanlov o`tkazish niyatidamiz. Buning uchun Xususiylashtirilgan korxonalarga ko`maklashish va raqobatni rivojlantirish qo`mitasi bilan birgalikda investorlarga qo`yiladigan shartlar va rivojlantirish dasturi ishlab chiqmoqda. Yo`qsa, korxona mol-mulki tijorat banki orqali sotilib, bunday korxona yo`q bo`lib ketardi, degan Alisher Abdullaev.






