Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi E.Turdimovning tadbirkorlar bilan uchrashuvida mamlakatimizda 2019 yil 1 yanvardan amaliyotga joriy etilgan soliq tizimidagi yangiliklar va kiritilgan o`zgarishlar, qo`shilgan qiymat solig`i joriy etilishining zarurati haqida so`z yuritildi.
– Yangi soliq tizimida tovar aylanmasi 3 milliard so`mdan oshgan korxona 20 foiz miqdorida soliq to`lashi belgilangan, – dedi viloyat hokimi. – Lekin bu tadbirkorga aylanma mablag`ini noqonuniy yo`l bilan bo`lsa-da, 3 milliard so`mdan ortiq qismini yashirishi kerak, degani emas. Dunyoning ko`plab davlatlarida foydalaniladigan, lekin biz uchun yangi bo`lgan mazkur soliq tizimi hozircha 20 foiz qilib belgilandi, keyinchalik albatta bu stavkalar bosqichma-bosqich pasaytiriladi. Buning uchun viloyatimizdagi 23 mingdan ortiq tadbirkorlik sub`ekti ish o`rinlarini to`g`ri ko`rsatib, “konvert” usulida ish haqi berishni to`xtatib, soliqlarni o`z vaqtida to`lashga o`rgansa, barchamiz uchun soliq yuki ancha engillashadi.
Tadbirda Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig`i Sh.Ahmedov 2019 yil uchun belgilangan soliq stavkalari, qo`shilgan qiymat solig`ining joriy etilishi, hisoblash tartibi va qaysi mahsulotlarga tatbiq etilishi to`g`risida ma`lumot berdi.
Samarqand viloyat prokurori F.Zufarov keyingi yillarda mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirishga alohida e`tibor qaratilib, soha sub`ektlarining har tomonlama qo`llab-quvvatlanayotgani, ular uchun ko`plab imtiyoz va engilliklar berilganini ta`kidladi. Ammo ana shu imkoniyatlarga qaramay ayrim tadbirkorlik sub`ektlari faoliyatida ish o`rinlarini yashirish va soliqlardan qochish holatlari kuzatilganini qayd etdi.
Tadbir davomida tadbirkorlarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan javob berildi.






