2017–2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investisiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi loyihasida mamlakatimiz qator nufuzli xalqaro anjumanlarga mezbonlik qilish nazarda tutilgan. Bu haqda "Xalq so`zi" xabar qilmoqda.
Jumladan, fevral oyida Toshkent shahrida Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga bag`ishlangan xalqaro konferensiyasi o`tkazish ko`zda tutilgan. Shu bo`yicha Vazirlar Mahkamasi farmoyishi loyihasida Markaziy Osiyo davlatlari etakchi olimlari va ekspertlarining forumini o`tkazishga oid tashkiliy chora-tadbirlar nazarda tutiladi.
Aprel oyida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahatlashuv uchrashuvini o`tkazish rejalashtirilgan. Shu bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoyishi loyihasida 2019 yilda Toshkent shahrida mintaqa davlatlari rahbarlarining maslahatlashuv uchrashuvini o`tkazish bo`yicha chora-tadbirlar nazarda tutiladi.
Tadbirlarda:
Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni ta`minlash sohasida samarali mintaqaviy hamkorlikning yangi rezervlarini va uni kengaytirishning ta`sirchan mexanizmlarini topish;
savdo-iqtisodiy, innovasion, investisiyaviy, transport-kommunikasiya, bank-moliya, suv-energetika va madaniy-gumanitar sohalarida aniq dasturlarni ishlab chiqish;
xalqaro va mintaqaviy dolzarb masalalar yuzasidan keng fikr almashish, ular bo`yicha umumiy qarashni kelishib olish va uni xalqaro tashkilotlar doirasida ilgari surish ko`zda tutilgan.
May oyida Samarqandda Vatandoshlar xalqaro forumini tashkil etish va o`tkazish mo`ljallanyapti. Shu bo`yichaO`zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoyishi loyihasida Samarqand shahrida 2019 yilda Vatandoshlar xalqaro forumini tashkil etish va o`tkazish bilan bog`liq tashkiliy masalalar nazarda tutiladi.
May oyida yana Afg`oniston bo`yicha 8-mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik konferensiyasini (RECCA VIII) Toshkentda o`tkazish rejalashtirilgan. Shu bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoyishi loyihasida Afg`oniston bo`yicha 8-mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik konferensiyasini o`tkazish bilan bog`liq tashkiliy masalalar nazarda tutiladi.
Oktyabr oyida esa Orolbo`yi hududida ekologik innovasiyalar va texnologiyalar zonasini yaratish bo`yicha xalqaro anjuman tashkil etish va o`tkazish ko`rsatib o`tilgan. Shu bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoyishi loyihasida:
anjuman konsepsiyasini ishlab chiqish;
tadbirning kun tartibi, aniq muddati va joyini belgilash;
xorijiy mutaxassislar, xalqaro
va mintaqaviy tashkilotlar vakillarini tadbirga taklif etish va ularning ishtirokini tashkil qilish;
anjumanning yakuniy hujjati loyihasini ishlab chiqish va kelishish nazarda tutiladi.






