AsosiyJamiyat

Regbi-15 bo`yicha O`zbekiston chempionatida Mudofaa vazirligi vakillari g`olib bo`ldi

'Regbi-15 bo`yicha O`zbekiston chempionatida Mudofaa vazirligi vakillari g`olib bo`ldi'ning rasmi

Joriy yil noyabr-dekabr oylarida Chirchiq oliy tank qo`mondonlik-muhandislik bilim yurti hamda Samarqand kichik mutaxassislarni tayyorlash markazi sport bazasida O`zbekiston miqyosida erkaklar o`rtasidagi regbi-15 chempionatining bo`lib o`tdi.

Mazkur musobaqada jami 8 ta jamoa 2 guruhga bo`lingan holda kurash olib bordi. “A” guruhida Toshkent harbiy okrugi, Chirchiq oliy tank qo`mondonlik-muhandislik bilim yurti, Qurolli Kuchlar akademiyasi hamda Mudofaa vazirligi sport klubi jamoalari o`zaro bellashgan bo`lsa, “B” guruhida esa Markaziy, Sharqiy harbiy okruglari, Havo hujumidan mudofaa qo`shinlari va Harbiy havo kuchlari, Janubi-g`arbiy maxsus harbiy okrug jamoalari kuch sinashdi.

30 noyabr kuni boshlangan murosasiz bellashuvlarning final bosqichi kecha, 9 dekabr kuni Chirchiq oliy tank qo`mononlik-muhandislik bilim yurti sport maydonida Toshkent harbiy okrugi hamda Sharqiy harbiy okrugi jamoalari o`rtasida bo`lib o`tdi. Qishning sovuq havosi va yomg`irlar ostida kechgan kurashlarda o`zining yuqori saviyadagi o`yinini namoyish eta olgan Toshkent harbiy okrugi jamoasi g`oliblikni qo`lga kiritib, chempionlikka erishdi.

“Ko`pchilik regbida faqat kuchli sportchilargina g`alaba qozonishi mumkin, deb o`ylaydi. To`g`ri, jismoniy tayyorgarlik muhim ahamiyatga ega. Ammo regbi jamoaviy o`yin bo`lib, maydonda har bir sportchining o`z o`rni bor. Biz aynan yaxshi tashkil etilgan jamoaviy o`yin va tezkor harakatlar hisobiga finalga yo`llanmani qo`lga kiritdik”, – deydi Sharqiy harbiy okrugi vakili shartnoma bo`yicha harbiy xizmatchi, oddiy askar Ruslan Matqurbonov.

Ta`kidlash joizki, Mudofaa vazirligi qo`shinlarida 2013 yildan ommalashgan regbi-15 sport turida harbiy jamoalar bir necha bor mamlakat miqyosidagi o`yinlarda g`alaba nashidasini surishgan. O`tgan yilda ushbu sport turida Janubi-g`arbiy maxsus harbiy okrug vakillari birinchi o`rinni qo`lga kiritgan. 2017 yildan e`tiboran esa Mudofaa vazirligida olimpia sport turiga kirgan regbi-7 ga ham qiziqish oshmoqda. Jumladan, bu yilgi respublika chempionatida Sharqiy harbiy okrugi jamoasi g`alabaga erishdi.

Chempionat g`olib va sovrindorlari tegishli kubog, diplom va faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.

Turnirning yopilish marosimida so`zga chiqqan Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshlig`ining o`rinbosari – O`zbekiston regbi federasiyasi raisining birinchi o`rinbosari polkovnik Shuhrat Ikramov barcha ishtirokchilarni qutlab, ularga minnatdorchilik bildirdi va keyingi musobaqalarda omad yor bo`lishini tiladi.

    Boshqa yangiliklar