Qashqadaryo viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan huquqni muhofaza etuvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda Chiroqchi tumanida tezkor tadbir o`tkazildi.
O`tkazilgan tezkor tadbir davomida shubha ostiga olingan Ya.T. boshqaruvidagi Kamaz rusumli yuk avtomashinasi xolislar ishtirokida ko`zdan kechirilganida shubha o`z tasdig`ini topdi. Avtomashinaga yuklangan qum solingan xaltalar ostiga hech qanday hujjatlari bo`lmagan rangli metall parchalari xufyona yashirilganligi fosh etildi.
Mo`may daromad ko`rishni o`z oldiga maqsad qilib qo`ygan fuqaro A.N.ga tegishli mazkur metall parchalarining har bir kilogramini hech qanday tegishli ruxsatnomaga ega bo`lmasdan tumanda istiqomat qiluvchi fuqarolardan 12-15 ming so`mdan sotib olib, 22-25 ming so`mga pullashni rejalashtirib qo`yganligi ma`lum bo`ldi.Ammo o`ylangan reja amalga oshmadi hamda jami og`irligi 815 kilogrammni tashkil etgan mis vaqtincha saqlovga topshirildi.
Davlat bojxona qo`mitasi matbuot xizmati xabariga ko`ra, xozirda esa mazkur holat yuzasidan bojxona tekshiruvlari olib borilmoqda.






