Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboev propiska va pasport qoidalari bo`yicha qonunchilikdagi yangiliklar haqida ma`lumot berdi.
Uning yozishicha, Qonunchilik palatasining 30 noyabr kungi yalpi majlisida deputatlar bir qator qonun loyihalari ko`rib chiqqan. Shu jumladan, QL 418-sonli Qonun loyihasi ko`rib chiqilib, deputatlar tomonidan ma`qullangan.
Qonun loyihasiga ko`ra, Ma`muriy javobgarlik kodeksining 223-modda uchinchi qism quyidagi tahrirda bayon etildi:
«Pasport tizimi qoidalariga rioya etish uchun mas`ul bo`lgan shaxslarning fuqarolarning pasportsiz yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatlarsiz yashashiga yo`l qo`yishi, xuddi shuningdek fuqarolarning o`z turar joylarida pasportsiz yoki shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjatlarsiz, vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi bo`yicha hisobda turmagan shaxslar yashab turishiga yo`l qo`yishi — eng kam ish haqining besh baravari miqdorida jarima solishga sabab bo`ladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik ma`muriy jazo chorasi qo`llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo`lsa — eng kam ish haqining o`n baravari miqdorida jarima solishga sabab bo`ladi.
O`n sakkiz yoshga to`lmagan shaxs o`n olti yoshga to`lishi munosabati bilan o`z vaqtida pasport olmagani uchun ma`muriy javobgarlikka tortilmaydi».
Endi amaldagi tahrirga e`tibor qilsak, unda:
«Pasport tizimi qoidalariga rioya etish uchun mas`ul bo`lgan shaxslarning fuqarolarning pasportsiz yoki haqiqiy bo`lmagan pasport bilan yoxud vaqtincha yoki doimiy propiskasiz, turgan joyi bo`yicha hisobda turmasdan yashashiga yo`l qo`yishi, xuddi shuningdek fuqarolarning o`z turar joylarida pasportsiz, vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi bo`yicha hisobda turmagan shaxslar yashab turishiga yo`l qo`yishi — eng kam ish haqining o`n baravari miqdorida jarima solishga sabab bo`ladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik ma`muriy jazo chorasi qo`llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo`lsa — eng kam ish haqining o`n besh baravari miqdorida jarima solishga sabab bo`ladi», deb belgilangan edi.
Shuningdek, yangi loyiha bilan o`n sakkiz yoshga to`lmagan shaxs o`n olti yoshga to`lishi munosabati bilan o`z vaqtida pasport olmagani uchun ma`muriy javobgarlikka tortilmasligi belgilab qo`yilmoqda.
Pasport tizimi to`g`risidagi qonun hujjatlarini erkinlashtirish, Davlat dasturining 56-moddasi ijrosini ta`minlash maqsadida jarima miqdorini eng ish haqining 10 va 15 baravaridan 5 va 10 baravariga kamaytirish taklif etilgan.






