O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2018 yil 6 dekabr kuni Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligiga a`zo mamlakatlar Davlat rahbarlari kengashining Sankt-Peterburg shahrida bo`lib o`tgan norasmiy majlisida ishtirok etdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevni Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putin kutib oldi.
Suratga tushish marosimidan so`ng MDHga a`zo davlatlar rahbarlarining norasmiy uchrashuvi boshlandi.
Alohida ta`kidlash kerakki, mamlakatimizning Hamdo`stlikka a`zo davlatlar bilan hamkorligi turli yo`nalishlarda izchil va har tomonlama rivojlanib bormoqda.
Prezidentimiz joriy yil 28 sentyabr kuni Dushanbe shahrida bo`lib o`tgan MDH Davlat rahbarlari kengashi majlisida ishtirok etgan edi.
O`tgan davrda mamlakatimiz MDH doirasida o`nta tarmoq bo`yicha hamkorlikka qo`shildi. O`zbekiston tashkilot Parlamentlararo assambleyasining to`la huquqli a`zosi bo`ldi, O`simliklar karantini bo`yicha muvofiqlashtiruvchi kengash, Fan-texnika va innovasiya sohalarida hamkorlik bo`yicha davlatlararo kengash, Agrosanoat majmui masalalalari bo`yicha kengash, Atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish bo`yicha komissiya, MDHga a`zo davlatlar xavfsizlik organlari va maxsus xizmatlari rahbarlari kengashi, MDHning xizmatlar bo`yicha erkin savdo hududi to`g`risida bitimini ishlab chiqishga oid yuqori darajali ishchi guruh va boshqa organlar faoliyatiga qo`shildi.
O`zbekiston MDH makonida o`zaro bozorlarni shakllantirish, bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish, xalqaro va mintaqaviy transport yo`laklaridan samarali foydalanish tarafdoridir.
Joriy yilda O`zbekiston Hamdo`stlik doirasida Mudofaa vazirlari kengashi, Urug`chilik masalalari bo`yicha muvofiqlashtiruvchi kengash, Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish bo`yicha kengash, Geodeziya, kartografiya, kadastr va Erni masofadan turib zondlash bo`yicha davlatlararo kengash majlislari va ko`plab boshqa muhim tadbirlarni o`tkazdi. Bu turli sohalarda ko`p qirrali o`zaro manfaatli hamkorlikni sezilarli darajada faollashtirish, iqtisodiy va investisiyaviy aloqalarni mustahkamlash, sanoat kooperasiyasini kengaytirish imkonini berdi.

Uchrashuvda Hamdo`stlik davlatlarining savdo-iqtisodiy hamkorligini yanada rivojlantirish, o`zaro savdo hajmini oshirish, transport-kommunikasiya salohiyatidan samarali foydalanish, shuningdek, xavfsizlikni mustahkamlash, zamonaviy xatar va tahdidlarning oldini olish va ularga qarshi kurashish masalalariga e`tibor qaratildi.
Gumanitar, ta`lim va turizm sohalarida almashuvlarni izchil davom ettirish zarurligi ta`kidlandi.
Tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham muhokama qilindi.
Ta`kidlash joizki, O`zbekiston Respublikasi kelasi yil MDHda hamrais, 2020 yilda esa MDH Davlat rahbarlari sammitiga mezbon bo`ladi.
MDH norasmiy sammiti doirasida Prezidentimiz qator davlat rahbarlari bilan ikki tomonlama suhbatlar o`tkazdi. Ularda 2018 yilda samarali sheriklikning asosiy yakunlari va kelgusidagi hamkorlikning istiqbolli yo`nalishlari muhokama qilindi.
Shu bilan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Sankt-Peterburg shahriga tashrifi yakuniga etdi.






