Boks bo`yicha erkaklar o`rtasidagi 2019 yilgi jahon chempionati sentyabr oyida o`tkaziladi, deb yozmoqda Olamsport nashri.
Bu galgi jahon chempionatiga Rossiyaning Ekaterinburg shahri mezbonlik qiladi. Bu haqdagi qarorga Sverdlovsk viloyati taklifi bo`yicha Rossiya boks federasiyasi kelgan.
Aslida jahon chempionati o`tgan yilning iyul oyida tasdiqlanganidek Rossiyaning boshqa bir shahri - Sochida o`tkazilishi kerak edi. Lekin biroz kutilmaganda qaror o`zgardi. Ammo, mezbon davlat o`z kuchida qoldi.
“Bizda katta musobaqalarni o`tkazish bo`yicha boy tajriba bor. Boks bo`yicha jahon chempionatini ham yuqori saviyada tashkil eta olamiz. Buning uchun barcha sharoitlar bor”, - dedi Sverdlovsk viloyati gubernatori Evgeniy Kuyvashev.
Tez orada Xalqaro havaskorlar boks assosiasiyasi (AIBA) jahon chempionatining aniq sanasini e`lon qiladi. Musobaqaning o`zi “Ekaterinburg-EKSPO” xalqaro ko`rgazmalar zalida o`tkaziladi.






