AsosiyJamiyat

“X Ijtimoiy media-mahsulotlari milliy festivali”ga bugunga qadar 40 rolik topshirilgan. Bosh sovrin – Spark avtomobili

'“X Ijtimoiy media-mahsulotlari milliy festivali”ga bugunga qadar 40 rolik topshirilgan. Bosh sovrin – Spark avtomobili'ning rasmi

Bugun Toshkentda 10-11 dekabr kunlari o`tkazilishi rejalashtirilayotgan “O`zbekiston madaniy merosi jahon to`plamlarida” loyihasiga bag`ishlangan xalqaro media-forum oldidan matbuot anjumani bo`lib o`tdi.

Tadbirda Bosh vazir o`rinbosari Aziz Abduhakimov, Fanlar Akademiyasi akademigi Edvard Rtveladze hamda loyiha rahbari Firdavs Abduxoliqov so`zga chiqib, jurnalistlarga forum haqida ma`lumot berishdi va ularni qiziqtirgan savollarga javob berishdi.

“X Ijtimoiy media-mahsulotlari milliy festivali”ga bugunga qadar 40 rolik topshirilgan, deb ma`lumot berildi matbuot anjumanida.

Forum doirasida o`tkaziladigan eng yaxshi media-mahsulotni aniqlashga hay`at a`zolari tomonidan 3ta nominasiya bo`yicha eng yaxshi roliklar tanlab olinadi:

- "Madaniy-tarixiy O`zbekiston";

- "O`zbekiston – turistik maskani";

- "Gastronomik O`zbekiston".


Hayat a`zolarining raisi Bosh vazir o`rinbosari Aziz Abduhakimov jurnalistlarga eng yaxshi rolikni tanlab olishda nimalarga e`tibor berilishi haqida gapirdi:

"Har bir rolik o`ziga xos original tarzda tayyorlanishi, muhimi plagiatdan foydalanmaslik kerak. G`oyada boshqa davlatlarda yo`q, O`zbekistonga xos, sayyohlarni jalb eta oladigan holat aks etishi lozim".

Uning so`zlariga ko`ra, xalqaro forum doirasida Temuriylar tarixi davlat muzeyiga "O`zbekistonning me`moriy epigrafikasi" seriyasi 30 kitobi va temuriylar buyuk merosi nodir qo`lyozmalari faksimil nashrlari topshiriladi va O`zbekistondagi ilk to`ldirilgan reallik effektiga ega kitob taqdimoti bo`lib o`tadi.

Bundan tashqari, bugungi anjuman doirasida Bosh vazir o`rinbosari tomonidan turizm sohasida amalga oshirilgan ishlar sarhisobi va tahlili o`rin olgan "Turizmning oq kitobi 2018" taqdim etildi.

Shuningdek, Aziz Abduhakimov kelgusida ushbu tanlov har yili katta formatda o`tkazilishini va roliklar internetga joylashtirilib, onlayn ovoz yig`ish orqali tanlab olinishini ma`lum qildi.

Tadbirda «O`zbekiston madaniy merosi jahon to`plamlarida» loyiha rahbari, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan jurnalist Firdavs Abduxoliqov "Ijtimoiy media-mahsulotlar" festivalida namoyish etiladigan roliklar O`zbekistonning boy madaniy merosini o`zida aks etib, butun dunyoga namoyon etishini alohida ta`kidladi.

Eslatib o`tamiz, Tanlovda qatnashish istagini bildirganlar o`z ishlarini X.fest.products@gmail.com pochta manziliga bog`lanish shaklida yoki ixcham shaklda yuborishlari so`raladi.

Ma`lumot uchun telefonlar: +99893 571 63 34 (o`zb); +99894 623 97 87 (rus)

Ijodiy ishlar shu yilning 7 dekabriga qadar qabul qilinadi.

    Boshqa yangiliklar