Hukumat qarori bilan Yo`l-patrul xizmati xodimlarining yo`l harakati qatnashchilari bilan o`zaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanish tartibi to`g`risidagi nizom (VMQ-975, 01.12.2018 y.) tasdiqlandi. Bu haqida Adliya vazirligining "Huquqiy axborot" kanali ma`lum qildi.
Nizomga muvofiq, yo`l-patrul xizmati (YPX) xodimi tomonidan transport vositalari quyidagi asoslarga ko`ra to`xtatilishi mumkin:
• yo`l harakati qoidalarining buzilishi vizual kuzatuvda aniqlanganda yoki maxsus moslamada qayd qilinganda;
• transport vositasi, haydovchi yoki yo`lovchi qidiruvda ekanligi, yo`l transport hodisasiga aloqador ekanligi haqida ma`lumotlar bo`lganida;
• yo`l transport hodisasi, huquqbuzarlik sodir etilganligini ko`rgan haydovchi yoki yo`lovchidan hodisaga oydinlik kiritishga to`g`ri kelganida;
• harakatni cheklash yoki taqiqlash bo`yicha ko`rsatmalarni bajarishda;
• transportdan majburiy tartibda foydalanishga to`g`ri kelganida;
• maxsus tadbirlarni o`tkazish jarayonida;
• transportdan foydalanish va boshqarish huquqini beruvchi, transport va yuklarga oid hujjatlar mavjudligini tekshirish uchun.
Boshqa asoslarga ko`ra transportning to`xtatilishi taqiqlanadi.
Transport hujjatlarni tekshirish uchun to`xtatilganda, faqat ushbu hujjatlarni tekshirishda aniqlangan qoidalar buzilishi bo`yicha chora ko`riladi.






