3 dekabr kuni butun dunyo nogironligi bor fuqarolarning muammolarini e`tibordan chetda qoldirmasligimiz, ularga, ularning taqdiriga befarq bo`lmasligimiz kerakligini eslatadigan muhim sanani nishonlaydi.
Davlat xizmatlari agentligi xodimlari bu tamoyillarga yilda bir marotaba emas, balki har kuni rioya qiladi. Davlat xizmatlari markazlarida alohida e`tiborga muhtoj bo`lgan insonlar o`z imkoniyatlari cheklanganligini his etmasliklari uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda.
Buning uchun, idoramiz tashkil etilganidanoq, binolarning qulayligiga alohida e`tibor qaratilmoqda — maxsus pandus va tutqichlar o`rnatilib, ochilayotgan yangi zamonaviy Markazlar aravachalar bilan jihozlanayapti. Ammo bular, faqatgina moddiy-texnik jihatlar.
Bizlar ko`p marotaba joylarga chiqib davlat xizmatlarini ko`rsatish haqida aytib berganmiz. Ular turli sabablarga ko`ra Markazga tashrif buyurish imkoniga ega bo`lmagan fuqarolarimizga ko`rsatiladi. Shunday qilib, zarur bo`lganda, fuqarolarimizga davlat xizmatlari uyiga borib taqdim etiladi. Hech kim e`tibordan chetda qolmaydi.
Davlat xizmatlari agentligi jamoasi barchaga chin dildan sog`lik, farovonlik va ertangi kunga bo`lgan ishonchni yanada ortishini tilab qoladi.






