O`zbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasida «Ochiq eshiklar kuni» munosabati bilan Toshkent axborot texnologiyalari kasb-hunar kolleji hamda Toshkent davlat agrar universiteti qoshidagi akademik lisey o`quvchilari uchun ekskursiya uyushtirildi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Eslatib o`tamiz, O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev 28 noyabr kuni Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan tarkibda o`tkazilgan yig`ilishida yoshlarda harbiy-vatanparvarlik ruhini shakllantirish masalasiga alohida e`tibor qaratish lozimligini ta`kidlagan edi. Majlisda askarlar, harbiy xizmatchilar mamlakatning shonli tarixi, ona zaminda yashab o`tgan buyuk qahramonlar, sarkarda va qo`mondonlar hayoti va jasoratini chuqur bilishi, ular bilan g`ururlanishi kerakligi alohida qayd etilgandi.

Ushbu topshiriqlar ijrosi yuzasidan o`tkazilgan ekskursiya davomida o`quvchi yoshlar akademiya faoliyati, kursantlarning yashashi va bilim olishi uchun yaratib berilgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdi. Qurolli Kuchlar akademiyasi tarixiga bag`ishlab ishlangan film hamda Akademiya muzeyi yoshlarda katta qiziqish uyg`otdi.

Bundan tashqari shu kabi tadbirlar Toshkent viloyatidagi harbiy qismlardan birida ham o`tkazildi. Toshkent viloyati Qibray tumani Chingeldi maishiy xizmat hamda Qibray qishloq xo`jalik kasb-hunar kolleji o`quvchilari qatnashgan tadbirda o`quvchi yoshlar harbiy qismda bo`ldi. O`quv xonalari, oshxona, sport majmuasi va yotoqxonalardagi sharoitlar bilan tanishdi. Harbiy qism elektron tirida esa nishonlarga o`q otish bo`yicha ma`lumot va ko`nikmalar berildi. U erda jangovar tayyorgarlik mashg`ulotlarida zarur bo`lgan asbob-uskunalar, qurollar hamda himoya vositalari ko`rgazmasi ham tashkil etildi.


Yuz-ko`zidan harbiy kasbga havas va ishtiyoq sezilib turgan yoshlarning harbiy qismga qilgan ushbu sayohati ular uchun unutilmas taassurot qoldirgani shubhasiz.
Shuningdek, kun davomida Toshkentdagi 248- hamda 18-sonli umumta`lim maktablarida «Askar maktab mehmoni» mavzusida ochiq darslar uyushtirildi.

Dasr jarayonida harbiy xizmatchilar o`quvchilarga harbiy kasb nufuzi va mas`uliyati haqida, shuningdek, harbiy xizmatchilarga davlatimiz tomonidan ko`rsatilayotgan e`tibor, yaratilayotgan imtiyozlar xususida ma`lumotlar berildi. O`quvchilarga avtomatni qismlarga ajratish va yig`ish hamda ommaviy qirg`in qurollaridan foydalanish bo`yicha yo`l-yo`riqlar ko`rsatib o`tildi.






