AsosiyJamiyat

Prezident qarori: Suv ta`minoti va kanalizasiya tizimi rivojlantiriladi

' Prezident qarori: Suv ta`minoti va kanalizasiya tizimi rivojlantiriladi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasida ichimlik suvi ta`minoti va kanalizasiya tizimlarini rivojlantirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risidagi Prezident qarori qabul qilindi.

Qaror bilan suv ta`minoti va kanalizasiya tizimlarini yanada rivojlantirishning ustuvor yo`nalishlari belgilandi.

Shuningdek, qaror bilan Uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish vazirligiga 2019 yil 1 yanvargacha 2020-2024 yillarda O`zbekistonda suv ta`minoti va kanalizasiya sohasini rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish vazifasi yuklandi.

“Sirdaryo viloyatining Boyovut, Xovos, Mirzaobod, Sardoba va Oqoltin tumanlari markazlari va qishloq aholi punktlarining suv ta`minotini yaxshilash” loyihasini amalga oshirish muddati 2019 yil 30 iyunga qadar uzaytirildi.

O`zbekistonning rezidentlari bo`lmagan yuridik shaxslar quyidagi loyihalar doirasida olinadigan foyda solig`idan ozod etiladi:

  • “Navoiy va Buxoro viloyatlari tuman markazlarini tutashtirgan holda Damxo`ja hududlararo suv quvurini modernizasiya qilish. Termiz shahrining kanalizasiya tizimini rekonstruksiya qilish” loyihasi;
  • “Qo`qon va Andijon shaharlarining suv ta`minoti va kanalizasiya tizimini hamda Farg`ona, Marg`ilon shaharlari va Rishton tumani markazining suv ta`minoti tizimini rekonstruksiya qilish” loyihasi.

Moliya vazirligi huzuridagi “Toza ichimlik suvi” jamg`armasi Suv ta`minoti va kanalizasiya tizimlarini rivojlantirish jamg`armasiga aylantirildi.

Uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish vazirligi 2019 yil 1 aprelgacha Andijon, Namangan, Sirdaryo va Farg`ona viloyatlarida Shveysariya Konfederasiyasi Hukumatining grantlari ishtirokida amalga oshirilgan tajriba loyihalariasosida suv ta`minoti va kanalizasiya ob`ektlarini boshqarish hamda ulardan foydalanishning tajribadan o`tkazilgan ushbu shakllarini boshqa qishloq aholi punktlarida ham tatbiq etish bo`yicha takliflarni ishlab chiqish vazifasi yuklandi.

2019 yil 1 iyulgacha Samarqand, Buxoro, Namangan va Qarshi shaharlarida suv ta`minoti hamda kanalizasiya tizimlarini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida boshqaruvga berish bo`yicha chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Kanalizasiya xizmatlari uchun tariflarga miqdori hududiy hokimliklar tomonidan tasdiqlanadigan maxsus ustama puli belgilanadi va mamlakatning barcha hududlarida (Toshkent shahridan tashqari) “Suv ta`minoti va kanalizasiya ob`ektlari qurilishi bo`yicha injiniring kompaniyasi” DUKning hududiy boshqarmalari tashkil etiladi.

    Boshqa yangiliklar