AsosiySport

Sirdaryolik yosh sportchilar xalqaro musobaqada qatnashib, munosib taqdirlandi

' Sirdaryolik yosh sportchilar xalqaro musobaqada qatnashib, munosib taqdirlandi'ning rasmi

Bugungi kunda yurtimizda har bir sohaga, jumladan sportga ham ulkan e`tiborlar qaratilmoqda. Xususan, chekka hududlarda ham yangidan, zamonaviy tarzda bunyod etilayotgan futbol maydonlari, suzish havzalari, sport inshootlari so`zimizning yaqqol isbotidir. Vatanimizning yuragida o`ti bor yoshlari ham, sport yuzasidan ko`z ko`rib, quloq eshitmagan natijalarni qayd etishmoqda.

Ruslan Nuriddinov, Hasanboy Do`stmatov, Rustam Qosimjonov, Mirjalol Qosimov, Fazliddin G`oyibnazarov, Sarvinoz Qurbonboeva singari sportchilarimiz orqali dunyo taniyotgan va tan berayotgan millatimizga bo`lgan e`tibor ham, qiziqish ham kundan kunga yuksalmoqda. Bir so`z bilan aytganda sport, dunyoning kuchli yoshlarini, kuchlilarini o`z atrofida birlashtirmoqda. Ana shunday kuchlilarni birlashtirish maqsadida Qozog`iston Respublikasi Akmola viloyatidagi «Men chempionman» xalqaro televizion sport musobaqasi ham mezbon Respublikaning 13 ta, Rossiyaning 2 ta, O`zbekistonning yagona jamoalarini tom ma`noda birlashtirdi.

12-14 yoshdagi sportchi bolajonlar o`rtasida tashkil qilingan musobaqa 18-21 noyabr kunlari bo`lib o`tdi. Musobaqada mamlakatimiz shanini Sirdaryolik yoshlarning himoya qilishlari esa, bizga ulkan quvonch baxsh etdi. O`zbekiston yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyat Kengashi raisi Shavkat Zayniddinov rahbarlik qilishi belgilangan jamoani 17-noyabr kuni Guliston shahridagi «Yurt bayrog`i» maydonida kuzatish marosimi tashkil qilindi. Ana shu chog`lardagi vohadoshlarimizning, marosim ishtirokchilarining hayajonini Sizga etkazishga ochig`i ojizlik qilamiz. Duoga qo`l ochib, mening farzandim yoxud vohadoshim albatta g`olib bo`lib, yuzimizni yorug` qilib keladi, deya niyat qilgan ota-onalarning, nuroniylarning siyratidagi quvonchlari cheksiz edi. Ulkan shodiyona orqali kuzatilgan jamoamiz, ulkan natijalarga erishdi.

Keling, umumiy gaplardan sal yiroqlashgan holda aniq ma`lumotlarni Sizga ilinsak.

Dastlab 18 noyabr kuni bo`lib o`tgan musobaqada O`zbekiston yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati Kengashi tomonidan tuzilgan «Sayxun» jamoasi Qozog`iston Respublikasi Pavladar viloyatining «Rekord» jamoasi bilan maydonga tushib g`alaba qozonib, chorak finalga yo`l oldi. Yana bir quvonarlisi shundaki, sportchilarimiz 16 ta jamoa ichida arqonda sakrash bo`yicha 1 daqiqada 75 ta sakrab yangi rekord o`rnatishdi.

19 noyabr kuni Sirdaryolik yosh sportchilar Qozog`iston Respublikasi Astana shahrining «Liderlar» komandasi ustidan g`alaba qozonib yarim finalga yo`llanmani qo`lga kiritib, sirdaryolik «Sayxun» komandasi rahbari O`zbekiston yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati Kengashi raisi Shavkat Zayniddinovga «Eng yaxshi komanda rahbari» nominasiyasi bilan birga kubok taqdim etildi.

Shu o`rinda viloyat Kengashi raisi Shavkat Zayniddinovdan qo`ng`iroq qilib, intervyu olganimizda, ular ushbu qalb so`zlarini bayon qildilar,

- Bugungi kubok nafaqat Menga, balki butun Vatanimga berilgan Yuksak rag`bat deb, e`tirof mevasi deb bilaman. Yuksak tayyorgarliklar uchun ham jamoamiz mana bugunga qadar namunali ishtirok etishmoqda. O`zbekistonga, albatta kuchli uchtalikdan biri bo`lib qaytishga harakat qilaman.

Raisning so`zlaridan so`ng, natijalarni intizorlik bilan kutdik.

20 noyabr kuni sirdaryolik yosh sportchilar Qozog`iston Respublikasi Aqmola viloyatini «Jo`lbarslar» jamoasi bilan maydonga tushdilar va bu o`yinda mag`lub bo`lishdi. Shundan so`ng 3-o`rin uchun bizni yosh sportchilarimiz Astana shahri yoshlari bilan maydonga tushib g`alaba qozonishdi.

Yosh sportchilarimiz Qozog`iston Respublikasi, Akmola viloyati, «Burabay» dam olish maskanida tashkil etiltgan «Men chempion» Xalqaro televizion sport musobaqasida munosib ishtirok etib, umumjamoa hisobida faxrli 3-o`rin bilan vatanimizga qaytishdi. Ularni Toshkent shahridagi aeroportida kutib olish marosimi bo`lib o`tdi.

Toshkentdagi «Islom Karimov» nomidagi xalqaro aeroportda kutib olingan jamoamiz a`zolarining quvonchlari cheksiz edi. Ayniqsa, sevinch yoshlarini artayotgan ota-onalarni ko`rib, biz ham ikki xissa to`lqinlanib ketdik.

- Bugun farzandim Shahrizoda jamoadoshlari bilan Qozog`istonda kuchlilar qatorida bo`lib, umumjamoa hisobida uchinchi o`rinni olishga Musharraf bo`ldi. Xuddi qizim emas, borib men o`sha maydonda yugurgandek hayajondaman. Niyatim, sportchilarimiz hamisha zafar quchishdan charchashmasin, - deydi Shahrizodaning mehribon onasi.

Munosib kutib olingan va g`oliblik shodasini taqib kelgan Sirdaryolik sportchilatimizning har biriga, to`yga to`yona deganlari kabi, viloyatimiz hokimi G`afurjon Mirzaev 1.000.000 so`mdan pul mukofotlarini topshirdi. Niyatimiz Ana shunday sportchilarimiz soni kundan kunga ko`payib boraversin. Olg`a O`zbekiston. Olg`a sportchi Sirdaryolik yoshlar.

    Boshqa yangiliklar