AsosiySport

Sportni rivojlantirish uchun ajratilgan mablag`lar maqsadsiz sarflanayotgani aniqlandi

'Sportni rivojlantirish uchun ajratilgan mablag`lar maqsadsiz sarflanayotgani aniqlandi'ning rasmi

29 noyabr kuni Milliy olimpiya qo`mitasida O`zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamg`armasining 2018 yil III choragida amalga oshirgan ishlari va kelgusidagi vazifalariga bag`ishlangan Jamg`armaning kuzatuv kengashi yig`ilishi bo`lib o`tdi.

Unda Milliy olimpiya qo`mitasi prezidenti Umid Ahmadjonov, O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, O`zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamg`armasi hamda Milliy olimpiya qo`mitasi mutasaddilari ishtirok etishdi.

Yig`ilish davomida jamg`arma tomonidan amalga oshirilgan ishlar hisoboti tinglandi.

Barchamizga ma`lumki, mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni qo`llab-quvvatlash tizimini samarali shakllantirish, zamonaviy sport infratuzilmasini yaratish, mamlakatning xalqaro sport maydonlarida munosib ishtirok etishini ta`minlash borasida tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Biroq, respublikamizda sport anjomlarini xarid qilishda haqiqiy zarurat va ehtiyoj inobatga olinmasligi oqibatida, sport maktablari dasturiga kiritilmagan ayrim sport jihozlari yillar mobaynida o`quv dargohlarining omborlarida foydalanilmasdan turibdi. Aksincha, sportning boks, kurash va og`ir atletika bo`yicha turlariga ixtisoslashgan sport maskanlarida maxsus sport jihozlari etishmayapti. Bundan tashqari, jamg`arma mablag`lari samarali sarflanmasdan kelayotganligi tanqid qilindi.

Qolaversa, jamg`arma rahbari Ismoil Mirzaev Kuzatuv kengashi roziligisiz sport inshootlarini sport jihozlariga bo`lgan talab va ehtiyojlarini o`rganmasdan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligiga turli loyihalarni taqdim etgan. Elektron birja orqali katta mablag`larni tashkil etuvchi turli xil jihozlarni sotib olish uchun 27,9 mlrd.so`mlik shartnoma imzolagan.

Joriy yilning 20 sentyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev huzurida Jismoniy tarbiya va sport sohasini yanada rivojlantirish bo`yicha istiqboldagi muhim vazifalarga bag`ishlangan yig`ilishda ham Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamg`armasi mablag`lari hisobidan joriy yilda 56 ta sport inshootini qurib, foydalanishga topshirilishi, ushbu maqsadlarga 362 milliard so`m mablag` sarflanishi belgilanganligi, lekin 10 sentyabr holatiga ko`ra, atigi 113 milliard so`mlik qurilish-montaj ishlari bajarilganligi, joylarda qurilish ishlari orqada qolayotganligi tanqid ostiga olingan edi.

Shuningdek, tegishli vazirlik va tashkilotlarga sport ob`ektlarida qurilish-ta`mirlash ishlarini o`z vaqtida yakunlash, Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamg`armasining 2019 yilgi manzilli dasturini shakllantirish bo`yicha topshiriqlar berilgan edi. Jamg`arma Nizomining 14-bandida Jamg`arma o`z mablag`laridan Jamg`arma Kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlangan Jamg`arma daromadlari va xarajatlari smetasiga muvofiq foydalanishi belgilangan. Biroq, talablarni Jamg`arma rahbariyati bajarmasdan kelmoqda. Bu holatlar o`z navbatida, Hukumat qarori va u bilan tasdiqlangan Nizom talablarini davomli (sistematik) tarzda va qo`pol ravishda buzilishiga olib kelmoqda.

Yig`ilish yakunida yo`l qo`yilgan kamchiliklarni bartaraf etish, ishni to`g`ri yo`lga qo`yish bo`yicha tegishli ko`rsatmalar berildi.

    Boshqa yangiliklar