AsosiyJamiyat

Hududlarda 365ta kichik mehmonxona va xostellar quriladi

'Hududlarda 365ta kichik mehmonxona va xostellar quriladi'ning rasmi

Vazirlar Mahkamasining 24.11.2018 yildagi «O`zbekiston Respublikasida mehmonxona biznesini jadal rivojlantirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida»gi qarori e`lon qilindi.

"Norma"ning yozishicha, ijobiy xorijiy tajribani, birinchi navbatda Turkiya va Koreya tajribasini hisobga olib ishlab chiqilgan namunaviy loyihalar bo`yicha qurilish ishlari olib boriladi. Jami 2018–2019 yillarda sig`imi 8–50 nomerli 365ta kichik mehmonxona va xostellarni qurish rejalashtirilmoqda. Ishlar Qoraqalpog`iston Respublikasi va viloyatlardagi bir qator tuman va shaharlarda amalga oshiriladi.

Qurilishga xorijiy va mahalliy investorlar – tadbirkorlarni jalb qilish ko`zlanmoqda. Buning uchun kamida 5 ta «jozibador» er uchastkasi har oyda «E-IjroAuksion»ga qo`yiladi. Bu haqda biznes xabardor qilinadi.

Er ajratish Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun er uchastkalarini elektron auksion orqali doimiy foydalanishga berish tartibi to`g`risidagi nizom qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi. Biroq elektron auksion istisno tariqasida yanada qisqa – elektron savdo maydonchasida amalga oshiriladigan barcha tartibotlar bilan birga 10 kundan oshmagan muddatda o`tkaziladi.

Mehmonxonalar hududiga muhandislik-kommunikasiya tarmoqlarini tortib kelish bilan bog`liq xarajatlar mahalliy byudjetlar hamda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga moliyalashtiriladi. Binolarni ularga bevosita ulash esa – investorlar hisobiga. Qurilishning namunaviy loyihalari investorlar – tadbirkorlarga bepul asosda beriladi.

Investorlarga amaliy yordam ko`rsatish maqsadida Respublika va hududiy ishchi guruhlar tuzildi.

Hujjat 27.11.2018 yildan kuchga kirdi.

    Boshqa yangiliklar