AsosiyJamiyat

Xorijliklardan "tonirovka"​ uchun yig`imni undirish tartibi belgilandi

'Xorijliklardan "tonirovka"​ uchun yig`imni undirish tartibi belgilandi'ning rasmi

Xorijiy davlatlarning oynalari tusi o`zgartirilgan (qoraytirilgan) engil avtotransport vositalarining O`zbekiston Respublikasi hududiga vaqtincha kirishi va tranzit harakatlanishi uchun majburiy yig`imlarni undirish tartibi to`g`risidagi nizom Adliya vazirligida davlat ro`yxatidan o`tkazildi. Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanalida xabar berildi.

Nizomga muvofiq, xorijiy davlatlarning oynalari tusi o`zgartirilgan (qoraytirilgan) engil avtotransport vositalari deganda, xorijiy davlatlarda ro`yxatda turgan, yo`lovchilarni tashish uchun foydalaniladigan, o`rindiqlar soni sakkiztadan oshmaydigan, vazni 3,5 tonnagacha bo`lgan, old, yon va orqa oynalaridan biri yoki bir nechtasining tusi o`zgartirilgan avtotransport vositalari tushuniladi.

Oynalari tusi o`zgartirilgan (qoraytirilgan) engil avtotransport vositalarining O`zbekistonga vaqtincha kirishi va tranzit harakatlanishi uchun 15 AQSh dollari miqdorida chegara bojxona postidagi bank kassalari orqali majburiy yig`im undiriladi. Kassada kvitansiya rasmiylashtiriladi hamda uning bir nusxasi haydovchiga beriladi.

Yo`l-patrul xizmati haydovchilardan majburiy yig`imlar undirilganligini tekshirish uchun kvitansiya nusxasini ko`radi, majburiy yig`imlar to`lanmaganligi aniqlanganda ma`muriy javobgarlik choralari ko`riladi.

Eslatib o`tamiz texnik reglamentga muvofiq bo`lmagan ko`zgusimon va (yoki) tusi o`zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali transport vositalaridan, xuddi shuningdek haydovchining o`rnidan tevarak-atrofni ko`rishni cheklaydigan qo`shimcha narsalar o`rnatilgan yoki qoplamalar surtilgan transport vositalaridan foydalanish eng kam ish haqining bir baravari miqdorida jarima solishga sabab bo`ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma`muriy jazo chorasi qo`llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo`lsa, eng kam ish haqining ikki baravarimiqdorida jarima solishga sabab bo`ladi.

    Boshqa yangiliklar