O`zbekiston Prezidenti 27 noyabr kuni «O`zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining bayrog`i va emblemasini ta`sis etish to`g`risida»gi farmonni imzoladi. Bu haqa Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
O`zbekiston Mudofaa vazirligi bayrog`i to`g`ri to`rtburchak shaklidagi ko`k rangli mato ko`rinishiga ega bo`ldi. Bayroqdagi ko`k rang hokimiyat, ulug`vorlik, qadr-qimmat, kuch va qudratni ifoda etadi. Bayroqning old va orqa tomoni markazida geraldik belgi — Mudofaa vazirligining emblemasi tasvirlangan.
Bayroqning uzunligi 250 sm, eni — 125 santimetrga teng. Boshqa o`lchamlardagi bo`lganida bayroqning uzunligi va kengligi nisbati 1:2 ni tashkil etishi lozim bo`ladi.
Mudofaa vazirligining geraldik belgisi — emblemasi esa sariq va ko`k rangli aylana tasmasi bo`lgan sariq rangdagi doiradan iborat.
Aylana tasmaning yuqori qismida sariq rangli bosh harflar bilan lotin alifbosida «O‘ZBEKISTONRESPUBLIKASI», pastki qismida — «MUDOFAAVAZIRLIGI», deb yozilgan.
Emblemaning ichki qismida qadim zamonlarda davlatchilik, barkamollik, birlik va lashkarlik ramzini anglatuvchi, shuningdek, qadim Sharq davridan ilmiy me`morchilikning asosiy elementi bo`lmish sakkiz qirrali yulduz joylashgan. Yulduzning burchaklari o`rtasida zarrin rangdagi nurlar taramlari mavjud.
Sakkiz qirrali yulduzning o`rtasida otda savlat bilan o`tirgan buyuk sarkarda Amir Temur tasvirlangan. Fon va figura mintaqamizga xos bo`lgan, shuningdek, kuch va qudrat ramzi hisoblanuvchi zarrin rangda bajarilgan.






