Surxondaryo viloyati Termiz shahridagi Abdurahmon Jomiy mahallasida yashovchi Samandar Rahimov (ism-shariflar o`zgartirildi) 2016 yilning dastlabki oyida mumaygina daromad topishning turli yo`llarini cho`tlab ko`radi.
Va nihoyat soddadil yigitlarni avrab, xorijga ishlash uchun jo`natishni quyuq va`da berish orqali ularni chuv tushirishni rejalashtiradi.
Shu maqsadda Baynalminal mahallasilik Nasiba Ziyodovaning bir yo`la ikki o`g`liga o`zini uddaburon, qo`li uzun odam sifatida ko`rsatadi. Gap orasida Kanada davlatiga ishlash uchun yuborish Samandar uchun “hech gap emasligini” aytib qo`yadi. Lekin, bu ishlar “xizmat haqisiz” amalga oshmasligini ham uqtiradi. Shunday qilib, N.Ziyodovaning uyi oldida ikki o`g`lini Kanadaga ishlash uchun yuborish maqsadida naqd 19 ming 240 dollarni sanab oladi.
Qariyb ikki yildan buyon o`g`illarini xorijga jo`natishni kutaverib charchagan onaizor yaqinda Samandarga uchrashgach, masala oydinlashib qoladi. U olgan mablag`ini allaqachon o`z ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan ekan. Shundan so`ng N.Ziyodova ichki ishlar idorasiga murojaat etib, bo`lib o`tgan voqeani ma`lum qiladi.
Ushbu holat bo`yicha o`ttiz yoshdagi S.Rahimovga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.






