AsosiySport

Yaponiyalik mutaxassislar o`zbek futboli haqida qanday fikrda?

'Yaponiyalik mutaxassislar o`zbek futboli haqida qanday fikrda?'ning rasmi

Xabaringiz bor, bugun O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasi prezidenti va O`zbekiston futbol assosiasiyasining birinchi vise-prezidenti Umid Ahmadjonov Yaponiyaning «Vanfore Kofu» klubi rahbari, Yaponiya futbol federasiyasi a`zosi Kazuyuki Umino va «Yaponiya-O`zbekiston» sport va ta`lim bo`yicha assosiasiyasi raisi, «Paxtakor» va «Buxoro» klubining sobiq futbolchisi Naoya Shibamura bilan uchrashuv o`tkazdi.

Mazkur uchrashuvdan so`ng Milliy olimpiya qo`mitasi Matbuot va Media departamenti vakillari mutaxassislar fikri bilan qiziqdi.

Kazuyuki Umino: «O`zbekiston futboli so`nggi yillarda yaxshigina kuchayishga erishgan. 23 yoshgacha bo`lgan terma jamoangiz yil boshida Osiyo chempionligini qo`lga kiritdi. Musobaqa davomida Yaponiya, Janubiy Koreya kabi terma jamoalar mag`lub etildi. Bu albatta o`zbek futboli rivojlanib borayotganidan dalolat. Shu ruxda davom etsangiz, O`zbekiston Osiyoning etakchi futbol mamlakatiga aylanib oladi.

Kuni kecha «Bunyodkor» akademiyasini borib ko`rdik. U erda yaratilgan sharoitlar juda ajoyib. Mana shunday maskanda kuchli futbolchilar etishib chiqishiga aminman.

O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasi prezidenti va O`zbekiston futbol assosiasiyasi birinchi vise-prezidenti Umid Ahmadjonov bilan uchrashuv davomida ko`plab kelishuvga erishdik. E`tiborlisi, «Vanfore Kofu» klubi Yaponiyaning oddiy klubidir. Ammo, shunga qaramay janob Ahmadjonov biz bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanligini aytib o`tdi. Bu hamkorlik har ikki tomon uchun manfaatli ekanligini eshitganimdan xursandman.

Hamkorlik qaysi yo`nalishda olib boriladi? Biz yoshlar futbolida yaqindan hamkorlik qilmoqchimiz. O`zbekistonlik yosh futbolchilar Yaponiyada, yapon futbolchilar esa bu erga kelib malaka oshirishlari, tajriba almashishlari mumkin bo`ladi. Biz nafaqat futbol, balki madaniyat bo`yicha ham hamkorlikni rivojlantirishni istaymiz. Qolaversa, o`zbek futbolchilarining Yaponiya klublariga o`tishini ham istaymiz», – dedi Kazuyuki Umino.

Naoya Shibamura: «O`zbek futbolidan yorqin xotiralar qolgan. O`zbekistonlik futbolchilar kuchli hisoblanadilar. Ular yakkakurashlarda yaxshi harakat qiladilar.

Osiyo kubogida O`zbekiston va Yaponiya qarama-qarshiligi? Ushbu terma jamoalar musobaqada bir guruhdan o`rin olgani men uchun ahamiyatlidir. Chunki men har ikki mamlakatda ham futbolchi sifatida o`ynaganman. Bugun terma jamoa safida harakat qilayotgan futbolchilar ichida men «Paxtakor»da birga o`ynagan sobiq jamoadoshlarim ham bor. Masalan, Egor Krimesni misol qilib keltirishim mumkin. Har ikki jamoa ham guruhdan chiqadi. Istardimki, ular hal qiluvchi final o`yinida bahs o`tkazsinlar», – dedi Naoya Shibamura.

Ma`lumot uchun, Shibamura 2012 yilda Toshkentning «Paxtakor» klubida, 2013 yilda esa «Buxoro» safida harakat qilgan.

    Boshqa yangiliklar