Yaponiya poytaxti Tokio shahrida Milliy olimpiya qo`mitalari assosiasiyasi (MOQA)ning XXIII Bosh Assambleyasi o`tkazilmoqda. Unda O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasi Bosh kotibi Jasur Matchanov ham ishtirok etmoqda.
Assambleya kun tartibidan Pxyonchxan va Buenos-Ayres Olimpiadalari yakunlari bo`yicha hisobotlar tinglanishi, MOQA prezidenti, Bosh kotibi va mas`ullarning chiqishi, moliyaviy hisobotlar, WADA hisoboti va boshqa masalalar o`rin olgan. Shuningdek, 2026 yilgi Olimpiya o`yinlari uchun nomzod shaharlar taqdimoti ham bo`lib o`tadi.
Undan tashqari tashkilot prezidentligi uchun saylovlar ham o`tkazilishi ko`zda tutilgandi. Insidethegames nashri ma`lumotiga ko`ra, ushbu lavozim uchun yagona nomzod assosiasiyaning amaldagi rahbari shayh Ahmad Al-Fahad Al-Sabax hisoblanardi. O`z navbatida, Sabax FIFA sobiq amaldori Richard Lay bilan bog`liq yuzaga kelgan muammolar, shuningdek oilaviy sabablarga ko`ra ixtiyoriy ravishda o`z nomzodini qaytarib olishini ma`lum qildi. MOQAga vise-prezident sifatida saylangan Robin Mitchell endilikda tashkilotga vaqtinchalik prezident vazifasini bajaradi.
Ma`lumot uchun, shayh Ahmad Al-Fahad Al-Sabax 2012 yildan buyon MOQA prezidenti hisoblanardi. 1991 yildan hozirgi kunga qadar esa Osiyo Olimpiya Kengashi prezidenti sifatida ham faoliyat olib boradi.







