O`zbekiston musulmonlari idorasida “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan “Ilmga e`tibor – kelajakka e`tibor” nomli oliy ta`lim muassasalari talabalarining to`lov-shartnoma pullarini to`lab berish bo`yicha xayriya aksiyasining taqdimoti o`tkazildi.
Tadbirda Din ishlari bo`yicha qo`mita, O`zbekiston musulmonlari idorasi, Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligining rahbar xodimlari, professor-o`qituvchilar, talaba-yoshlar qatnashdi.
Taqdimot tadbirida O`zbekiston musulmonlari idorasi raisi o`rinbosari Shayx Abdulaziz Mansur, Din ishlari bo`yicha qo`mita raisining birinchi o`rinbosari Muzaffar Komilov, Oliy va o`rta-maxsus ta`lim vazirining birinchi o`rinbosari Odil Qalandarov, “Vaqf” fondi rahbari Iskandar Xalilov so`zga chiqib, “Ilmga e`tibor – kelajakka e`tibor” nomli xayriya aksiyasi va uning amaliy ahamiyati borasida yig`ilganlarga batafsil ma`lumot berib o`tdilar.
Notiqlar “Vaqf” fondi tomonidan amalga oshirilayotgan muhim tadbirlardan biri respublikadagi oliy ta`lim muassasalarida ta`lim olayotgan kam ta`minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj talaba yoshlarning moddiy jihatdan qo`llab-quvvatlash maqsadida, 145 nafar talabaga 1.243.200.782 so`m miqdorida to`lov-shartnoma pullari to`lab berilganini alohida qayd etdilar.
Shuningdek, o`tgan davr mobaynida fond tomonidan diniy ta`lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyatini moliyalashtirish uchun 298.631.000 so`m, diniy ta`lim muassasalari professor-o`qituvchilari, talabalarni moddiy va ijtimoiy qo`llab-quvvatlash uchun 165.650.000 so`m, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar talaba farzandlarini qo`llab-quvvatlash uchun 1.243.200.782 so`m, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, shu jumladan, imkoniyati cheklangan shaxslarni moddiy qo`llab-quvvatlash uchun 1.170.867.159 so`m, “Muruvvat karvoni” xayriya tadbiri doirasida 388.903.100 so`m, jami bo`lib 3.343.956.041 so`mdan ziyod mablag`lar xayriya qilindi.






