Kecha, 28 noyabr Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiev Olimpiya o`yinlari sovrindori, havaskor boksda jahon chempioni Shahram G`iyosovni qabul qildi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda Shahram G`iyosovga xalqaro musobaqalardagi va professional boksdagi g`alabalari hamda yurtimizda sportni ommalashtirish yo`lidagi sa`y-harakatlari uchun “Jismoniy tarbiya va sport a`lochisi” ko`krak nishoni topshirildi.
Vazir Dilmurod Nabiev Shahram G`iyosovga qo`lga kiritayotgan yutuqlari, yurtimiz dovrug`ini dunyoga tanitish yo`lidagi say-harakatlari uchun minnatdorchilik bildirib, sportchimizning yutuqlari yoshlarimiz orasida boksga, umuman sportga bo`lgan qiziqishning ortishiga xizmat qilayotganini ta`kidladi hamda vazirlik bundan keyin ham bokschimizni har tomonlama qo`llab-quvvatlashga tayyor ekanligini ma`lum qildi.
Xabaringiz bor, Shahram G`iyosov joriy yilning 25 noyabr kuni Amerika Qo`shma Shtatlarining Atlantik-Siti shahrida bo`lib o`tgan professional boks kechasida navbatdagi raqibi meksikalik tajribali bokschi Migel Zamudioni ilk raundayoq mag`lub etgan edi.
Ma`lumot uchun, 2016 yil Braziliyaning “Rio-de-Janeyro”da bo`lib o`tgan yozgi Olimpiada o`yinlarining boks musobaqasida kumush medalni qo`lga kiritgan Shahram G`iyosov bugungi kungacha professional boksda 6 ta jang o`tkazgan va ularning barchasida g`alaba qozongan, u 5 ta bahsni muddatidan oldin yakunlay olgan.






