AsosiyJamiyat

Xitoyning Sian shahrida O`zbekiston mahsulotlarining ko`rgazma maydoni ochiladi

'Xitoyning Sian shahrida O`zbekiston mahsulotlarining ko`rgazma maydoni ochiladi'ning rasmi

Shu kunlarda Xitoyning Sian shahrida O`zbekiston mahsulotlarining ko`rgazma maydoni ochilishi kutilmoqda. Bu haqda Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki huzuridagi Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub`ektlari eksportini qo`llab-quvvatlash jamg`armasi matbuot xizmati ma`lum qildi, deb yozadi O`zA.

Qayd etilganidek, jamg`arma vakillari Xitoyning Shanxay shahrida 5—10 noyabrda o`tkazilgan xalqaro China International Import Expo 2018 ko`rgazmasida ishtirok etgan.

Mazkur ko`rgazmada O`zbekistonda ishlab chiqarilgan eksportbop mahsulotlar, xususan qandolat mahsulotlari, quritilgan mevalar, tayyor tekstil, alkogol mahsulotlari namoyish qilingan. Shuningdek, tadbir doirasida O`zbekiston tadbirkorlariga o`z mahsulotlari va xizmatlarini tashqi bozorga olib chiqish, marketing tadqiqotlari o`tkazish, tovar reklamasi va brendlashtirish yordamida xaridor topishga ko`maklashish maqsadida jamg`arma va «Shansi» erkin savdo zonasi ma`muriyati o`rtasida hamkorlik memorandumi imzolangan.

Bundan tashqari, O`zbekiston mahsulotlarining Xitoy bozorlariga eksport qilinishi yuzasidan muzokaralar olib borilgan. Tomonlar o`tkaziladigan ko`rgazma, yarmarkalar hamda Xitoy bozori bo`yicha marketing tadqiqotlari bilan muntazam ravishda ma`lumot almashish haqida ham kelishuvga erishgan. Shuningdek, Xitoy savdo zonasi ma`muriyati tomonidan jamg`armaga beg`araz 500 kvadrat metr ko`rgazma maydonda show room uchun joy ajratilgan. Hozirgi vaqtda show room`ning qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda. 30 noyabrga qadar ko`rgazma maydonini milliy va eksport mahsulotlari bilan to`ldirish rejalashtirilgan.

Sian shahrini Markaziy Osiyo va Evropa bilan bog`laydigan «Chan`an» xalqaro yuk tashuvchi poezdi orqali O`zbekiston mahsulotlarini «Shansi» erkin savdo zonasiga tez va qulay etkazib berish mumkin. Bunda Direksiya tomonidan 50 foiz chegirma taqdim etilmoqda. Shu munosabat bilan jamg`arma Xitoy bozorida o`z mahsulotlarini sotish va qo`shimcha reklama qilishni xohlagan barcha mahalliy xo`jalik yurituvchi sub`ektlarni hamkorlik qilishga taklif etadi.

Jamg`arma Xitoyning Shansi provinsiyasida yana bitta vakolatxona ochishni rejalashtirgan.

    Boshqa yangiliklar