O`zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo`mondoni Shavkat Mirziyoyev 28 noyabr kuni Chirchiq dala o`quv maydonida yuqori darajadagi jangovar shaylikka keltirilgan bo`linmalarning maxsus-taktik mashqlarini kuzatdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ma`lumki, Mudofaa vazirligi harbiy qismlarining jangovar tayyorgarligini kompleks tekshirish maqsadida 26 noyabr tongda «Trevoga!» signali berilgandi. Shu paytgacha mamlakatimiz armiyasida bunday keng ko`lamli to`satdan tekshiruv o`tkazilmagandi.
Signaldan so`ng Mudofaa vazirligi markaziy apparati, barcha harbiy okrug va bo`linmalarda zarur tashkiliy ishlar amalga oshirildi. Harbiy poligonlarda bir nechta maxsus-taktik mashg`ulotlar o`tkazildi.
Chirchiq dala o`quv maydonida o`tkazilgan mashg`ulotlarda havo-desantchilari, artilleriyachilar, motoo`qchilar, tankchilar, maxsus operasiya kuchlari hamda Harbiy havo kuchlari bo`linmalari qatnashdi.
Shartli dushman bazalariga va u joylashgan hududlarga O`zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy havo kuchlari tarkibidagi qiruvchi samolyotlar va vertolyotlardan zarbalar berildi.
Shundan keyin jang maydonida zirhli qalqon tankchilar bo`linmasi paydo bo`ldi. Ular tank biatlonida qo`llaniladigan “Suvli to`siq”, “Eskarp” va “Tirsakli ko`prik”dan moxirona o`tib, belgilangan marrani egalladi.
Mudofaa operasiyasini olib borish jarayonida, shartli og`ir yaralangan harbiy xizmatchilarni jang maydonidan olib chiqish, vertolyotda evakuasiya qilish jarayoni namoyish etildi.
Zamonaviy jangovar vertolyotlar shaxsiy tarkibni belgilangan hududga desantlashtirdi. Parashyut-desant bataloni xizmatchilari marralar oralig`idan suqulib kirgan shartli dushmanni umumqo`shin zaxira kuch va vositalari bilan yakson qilish vazifasini muvaffaqiyatli bajardi.
Maxsus-taktik mashg`ulotlar harbiylarimizning yuksak professional mahoratini, yuqori jangovar shayligini, bir tanu bir jon bo`lib harakatlanishini namoyon etdi.
Mashg`ulotlarni harbiy-ma`muriy sektorlar, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari ham kuzatib bordi.
Shu erda harbiy-ma`muriy sektorlar, vazirlik va idoralar rahbarlari bilan yig`ilish o`tkazildi.



















