AsosiyJamiyat

Mudofaa vazirligi qo`shinlarini to`satdan tekshirish davom etmoqda (fotoreportaj)

'Mudofaa vazirligi qo`shinlarini to`satdan tekshirish davom etmoqda (fotoreportaj)'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoyishiga muvofiq, 26 noyabr erta tongda Mudofaa vazirligi qo`shinlari o`quv trevogasi bo`yicha ko`tarilgan bo`lib, hozirda ham uning doirasidagi tashkiliy tadbirlar davom etmoqda. Bu xaqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Mamlakat Mudofaa vazirligi qo`shinlari jangovar shayligini majmuaviy tekshirishning ikkinchi bosqichida jangovar harakatlarni bajarishda belgilangan punktlarga shaxsiy tarkib hamda harbiy texnikalarning avtomobil va temiryo`l texnikasi yordamida olib o`tilishi bilan qo`shinlarning tezkorligi va shayligi namoyish etildi.

Shunday qilib, Mudofaa vazirligi qo`shinlari sakkizta poligonga joylashtirildi. O`quv mashg`ulotlari bo`yicha navbatdagi harakatlar «Sho`rsu», «Angren», «Forish», Kattaqo`rg`on”, «Nuriston», «Termiz» va «Nukus» poligonlarida bo`lib o`tyapti, harbiy okruglarning birlashgan guruhlari ochiq hududga joylashtirildi va maxsus operasiyalarni o`tkazish rejalashtirildi.

Razvedka ma`lumotlari asosida kuch va vositalarning asosiy yo`nalishlari belgilab berildi. Mobil boshqaruv punktlarida ishlar uyushqoqlik bilan amalga oshirilmoqda.

Bo`linmalarni boshqarish va harakatlarini muvofiqlashtirishda eng muhim jihat — bu, shubhasiz, barqaror aloqaning tashkil ekani. Qo`shinlarda aloqaning uzluksizligi ta`minlangan va muntazam qo`llab-quvvatlanmoqda.

Shu kunning o`zida shturm hamda qo`nish imkoniyatiga ega aviasiya texnikalari yordamida shaxsiy tarkibni desantlashtirish masalalari ko`rib chiqildi, jangovar samolyot va vertolyotlar asosiy aerodromlardan zahiradagi harbiy okruglarning aerodromlariga olib o`tildi. Kuch tuzilmalarining boshqaruv organlari bilan mustahkam aloqalar o`rnatildi.

O`ta muhim va toifalangan ob`ektlarni qo`riqlash va himoya qilishda qo`riqlov bo`linmalari jangovar holatda xizmatni amalga oshirishiga o`tkazildi.

Jangovar vazifalarni bajarish punktlarida alohida o`quv hududlari tashkil etildi, bu erda harbiy xizmatchilar o`zlarining jangovar tayyorgarlik borasida ko`nikmalarini oshiryapti.

    Boshqa yangiliklar