Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida Turkiyaning Informascope kompaniyasi bilan hamkorlikda "SMART universitet" loyihasi amalga oshiriladi. Bu haqda Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi xabar berdi.
Universitet rektori Shavkat Sharipov va Informascope kompaniyasi boshqaruv direktori Quvanch Chinar ishtirokida mazkur loyihani amalga oshirish bo`yicha muzokaralar bo`lib o`tdi.
Toshkent davlat pedagogika universitetida zamonaviy talablar darajasida "SMART universitet" elementlarini joriy etish bo`yicha bir qator amalga oshirilishi lozim bo`lgan vazifalar belgilab olindi.
Jumladan:
universitetda mavjud turli xil axborot tizimlari, kompyuter dasturlarini o`zaro integrasiya qilish;
foydalanuvchilarni yagona identifikasiya tizim orqali istalgan joydan universitet resurslaridan foydalanishlarini yo`lga qo`yish;
bugungi kundagi qurilmalarga mos ilovalar yaratish evaziga mavjud tizimlardan foydalanish geografiyasini kengaytirish;
talabalar bilimini nazorat qilishning avtomatlashgan tizimini joriy etish;
bitiruv malakaviy ishlari, magistr PhD va DSc dissertasiyalarini, "plagiat"ga tekshirish avtomatlashtirilgan tizimini shakllantirish;
"SMART" texnologiyalardan foydalanish bo`yicha professor-o`qituvchilar va talabalar uchun "master-klasslar" tashkil qilish.
Muzokaralar yakunida Informascope kompaniyasi bilan universitetida "SMART universitet" elementlarini bosqichma-bosqich joriy etishga kirishildi.






