Chet elda jinoiy qilmishga qo`l urgan, qishlog`iga qaytib kelib, takroran o`ta og`ir jinoyatni sodir etgan shaxs va uning sheriklariga nisbatan qo`zg`atilgan ish sudda ko`rildi.
Asatillo (ism-familiyalar o`zgartirilgan) norasmiy ishlagani xorijga chiqib ketganlardan biri. U Rossiya Federasiyasining Sankt-Peterburg shahrida o`g`irlik qilib, qamoq jazosiga mahkum qilinadi. Bir yil ozodlikdan mahrum etish jazosini o`tadi. Ozodlikka chiqqach, o`zini «kozir» his qilib, o`sha yurtda ishlayotgan tanish hamyurtlariga tazyiq o`tkaza boshlaydi. Ishlari, yurish-turishlariga ko`z-quloq bo`lib, muammolarini hal qilib berish evaziga «xamir uchidan patir» berib turishni talab qiladi. Sankt-Peterburg shahrida ishlayotgan hamqishlog`i Omonjonga dam olish kuni qo`ng`iroq qilib, «Ko`rishaylik, gap bor», deydi. Uni engil avtomobilda qurilishi tugallanmagan kimsasiz binoga boshlab boradi. E, yo`q, be yo`q, urib, do`pposlaydi. So`ngra, har oyda yigirma ming rubldan berib turishini, aytganini qilmasa, «holiga maymunlar yig`lashi»ni aytib, iskanjaga oladi. Uning vajohatidan qo`rqib ketgan Omonjon to`rvaxaltasini yig`ishtirib uyiga, Bag`dod tumanidagi Mirzaobod qishlog`iga qaytib keladi va og`aynisi Anvardan ukasini chet elda do`pposlagan zo`ravonni tartibga chaqirib qo`yishni so`raydi.
Kurash bilan shug`ullangan, o`ziga yarasha obro`-e`tiborga ega Anvar Sankt-Peterburgdagi hamqishlog`ini do`pposlagan Asatilloga qo`ng`iroq qiladi. «Begona yurtda bir-biringga elkadosh bo`lib, ahil-inoq yurmaysanlarmi», deya tanbeh beradi. U esa «Siz aralashmang, gap uqmaslarni nima qilishni o`zim bilaman», deb jahl qiladi. Xullas, ikkalasi telefonda bir-birlarini haqorat qilishadi. Shundan so`ng, Asatilloning ko`nglida adovat urug`i nish otadi. Sankt-Peterburgdan qaytib kelgach, Anvar bilan orani ochiq qilib olmoqchi bo`ladi. Biroq polvonkelbat yigitga bas kela olishiga ko`zi etmay, ko`pchilik bo`lib tiz cho`ktirishni diliga tugib qo`yadi.
Anvar savdo-sotiq bilan ro`zg`or tebratadi. Mirzaobodlik Siddiqjon kabi kuz oyida Samarqand viloyati Bulung`ur tumanidagi konserva zavodiga qatnaydi. Konserva qilinganidan ortib qoladigan olma va bulg`or qalampiri chiqitlarini xarid qiladi, quritib, Bag`dod tumanidagi tegirmonlarga naqd pulga sotadi. Anvar galdagi safarida quritib tayyorlangan chiqindilarni saralab, ikki barobar qimmat narxda sotib oladi. Undan keyin Siddiqjon qolgan-qutganini xarid qilib oladi-yu, sifatsizligi tufayli o`tkaza olmaydi. Zarar ko`rib, qarz bo`lib qoladi. Anvar uning qarzini ham to`lab, zavoddagi ta`minotchi bilan bir o`zi ishlashni davom ettiradi. Ishni bas qilgan alamzada Siddiqjon kezi kelganda, raqobatchidan o`ch olishga bel bog`laydi.
Buni qarangki, «ko`r-ko`rni qorong`uda topibdi», deganlariday, ikkala dili qoralar til topishadi. Asatillo qarzini qaytarishni so`rab borganida Siddiqjon quchoq ochib, qarshi oladi. Dasturxon yozib, to`rga o`tqazadi.
— Haligi ikki yuz dollar zarur bo`lib qoldi, — deydi Asatillo. — To`g`rilab bering…
— Topish-tutishning mazasi yo`q, — noliydi Siddiqjon. — Yaramas Anvar oshga pashsha bo`ldi, — deya Samarqanddagi konserva zavodidan oyog`i uzilganini unga to`nkaydi.
— Ha, umi?! Haddidan oshib ketibdi. O`zicha «razborshik» bo`lib olibdimi? Ammo, meni sovunimga kir yuvmabdi. Qo`limga tushadi hali…
Mol-dunyoga hirs qo`ygan, pul desa o`zini tomdan tashlaydigan muttahamlarning gapi bir joydan chiqadi. Birovga yomonlikni ravo ko`rmagan, birini ojizlarga hukmini o`tkazib tunashdan qaytarmoqchi bo`lgan, boshqasining qarzini to`lab, mushkulini oson qilgan Anvarga tish qayrashadi. Qasd olishga astoydil chog`lanishadi. Qulay fursatni poylashadi.
Siddiqjonga hamqishlog`i Minojiddin murojaat qilib, zarur ish yuzasidan Farg`onaga borib kelishni so`raydi. Benzinini quydirib berishni ham va`da qiladi. Siddiqjon «Lasetti» mashinasida uning oldiga etib boradi. Yo`l-yo`lakay Asatilloni ham uyidan chaqirib oladi. Oltiariqda, yo`l bo`yidagi oshxonada tushlik qilishadi. Siddiqjon bilan Asatillo bitta shishani dumalatishadi. Farg`ona shahridagi «Mazza» oshxonasi yonida Minojiddin telefonda tanishini chaqiradi. Uning mashinasida o`z ishi bilan ketadi. Ortiga qaytib kelgunicha shirakayf Siddiqjon bilan Asatillo Anvarnining tanobini tortib qo`yish rejasini pishitishadi. «Minojiddin ishonchli bola, yana ikkita bolani olib, biron xilvat joyda surobini to`g`rilaymiz», — deydi Asatillo. «Bilingchi, qaerda ekan». Siddiqjon Anvarning o`rtog`i bilan telefonda gaplashadi.
— Sinfdoshlarning gurungi bugun, — deydi u. — Bu safar Anvar osh qilib beradi.
— Qaysi choyxonada? — so`raydi Siddiqjon.
— Hali aniq emas…
Siddiqjon ketma-ket Anvarning bir necha sinfdoshlariga qo`ng`iroq qilib, oxiri Rishtondagi choyxonalardan biriga borishlarini aniqlaydi.
— Shahar aylanib, biron joyda tamaddi qilaylik, — deydi ishini bitirib kelgan Minojiddin. Siddiqjon boshini chayqaydi.
— Boshqa zarurroq ish bor, Anvar yaramasning burnini erga ishqaymiz.
— Siz nima desangiz shu, — deya Minojiddin tish qayraganlarga qo`shiladi.
Ular kechga yaqin Bag`dodga etib kelishadi. Telefonda bog`lanib, polvonni yiqitgani qo`shimcha kuch — Xoldor va Tojidinni ham «Lasetti»ga mindirib olishadi. Siddiqjon temir yo`l uzra o`tgan avtomobil ko`prigi yaqinida to`xtab, Anvarning sinfdoshiga qo`ng`iroq qiladi. Kechqurun beshovlon Rishtondagi «Bo`ston» choyxonasiga etib borishadi. Choyxonada xizmat qilib yurgan yigit xonada o`tirgan Anvarni chaqirib beradi. O`zaro kelishuvga ko`ra Siddiqjon choyxonadagi uning sinfdoshlari davrasida ko`z-quloq bo`lib qoladi. «Zarur ish chiqib qoldi, sizsiz bitmaydi», deya Asatillo Anvarni old o`rindiqqa, yoniga o`tqazib, «Lasetti»ni boshqarib ketadi. O`zining Mirzaoboddagi uyiga etib borguncha, xorijdaligida telefonda haqorat qilganini eslatadi. Uyiga etib borgach, to`rtalasi Anvarni xonaga sudrab kirishadi. Asatillo uni devorga suyanib o`tirib qolgunicha urib, kaltaklaydi. Tashqarida qorovulda turgan Xoldor bilan Tojiddinga qishloqdagi xonadonlardan benzin topib kelishni buyuradi. Behol Anvarni mashinaning orqa o`rindig`iga o`tqazishadi. Asatillo Minojiddinga «Sen qolib, qon dog`larini ketkazgin», — deya buyuradi. Jiyani Mamayusufga qo`ng`iroq qilib, «Spark» mashinasini berib turishni so`raydi. Choyxonada o`tirgan Siddiqjonni chaqirib olib, «Lasetti»ning kalitini beradi. O`zi «Spark»ni minib olib, fermer xo`jaligining kimsasiz dala shiyponi tomon yo`l oladi. Oyog`ida arang turgan Anvarni shiypondagi mineral o`g`it chuquriga tushirishadi. Asatillo uni urib, yiqitadi. Beton bo`lagi bilan boshiga urib o`ldiradi. So`ngra «Spark»da uyiga borib, ketmon va belkurakni oladi. Xonadagi qon dog`larini yuvib, tozalab qo`ygan Minojiddin ham u bilan shiyponga keladi. Er qattiq, jasadni ko`mgani chuqur qaziy olishmagach, benzin sepib, o`t qo`yishadi. Biroq olov o`chib qoladi. Asatillo uyiga qaytib borib bolta, sellofan olib keladi. Mashina chiroqlari yorug`ida jasadni bo`laklarga ajratishadi va sellofan qoplarga solib, Katta Farg`ona kanaliga tashlab yuborishadi. Siddiqjon «Lasetti»dagi qon dog`larini ketkazib, hech nima bo`lmaganday, choyxonaga qaytib, Anvarning sinfdoshlari davrasiga qo`shilib oladi. «Osh pishdi, qaerda qoldi», — deya sinfdoshlari xonama-xona Anvarni axtarishadi. Mashinasi turibdi, o`zi yo`q. Uyali telefoniga qayta-qayta qo`ng`iroq qilishadi. Bitta kosada osh olib qo`yib, uy-uylariga tarqalishadi.
Asatillo jinoiy sheriklarini uylariga eltib qo`yib, «isini chiqarmaslikni» tayinlaydi.
— Tilingdan tutilmagin. Iz qoldirmadik. Jasadni topisholmaydi.
Jiyaniga qo`ng`iroq qilib, «Spark» mashinasini uyidan berib yuboradi.
Qotillik izlarini yo`q qildik, deya xomtama bo`lganlar uzoqqa bora olishmadi. Oradan sakkiz kun o`tib, beshovlon birin-ketin hibsga olindi. Sud majlisida inkor etib bo`lmas dalillar bilan ularning aybi isbotlangach, qasddan birovning umriga zomin bo`lgan A.Salmonov, S.Xidirov, M.Qulmatov, X.Valiev, T.Do`ltaevlar 17 yildan tortib, 20 yilgacha uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etildi.
Azizbek YuLChIEV,
Farg`ona viloyat prokurorining o`rinbosari
"Huquq" gazetasidan olindi






