Beka mehmonga kelgan qizi bilan nabiralarini kuzatib, biroz uy ishlari bilan mashg`ul bo`lgach, yotish taraddudini ko`ra boshlaganida, to`satdan eshik taqillab qoladi.
Bemahalda kim bezovta qilganini bilolmay ko`ngli g`ashlanib, kim taqillatayotganini so`raydi. Jiyanining ovozini eshitgach, xotirjam tortib, eshikni ochadi. Ammo shu zahoti yuzlariga niqob tutgan kimsalar kirib, uni urib yiqitishadi. Ustiga ko`rpa tashlashadi. Ko`rpa ostida nafasi etmay qiynalib yotganida, bostirib kirgan kimsalar uyni titib, pul qidirishganini biladi. Birozdan keyin hammayoq tinchib qoladi. Beka bir amallab ko`rpaning tagidan chiqadi-da, qo`shnilarini yordamga chaqiradi. Ular milisiyaga xabar qilishadi. Niqobli kimsalar bekaga sog`lig`ining qisqa muddatga yomonlashuviga olib kelgan shikast etkazishdan tashqari, uning 500 AQSh dollari, 800 ming so`m puli hamda ikkita tilla ziragi va uzuginini olib, umumiy hisobda 2 million 933 ming so`mlik moddiy zarar ham etkazadilar. Olib borilgan tezkor xatti-harakatlar tufayli jinoyat ochiladi. Bosqinchilar qilmishlariga yarasha jazoga tortiladilar.
Bu voqea 2012 yilning kuz oyi o`rtalarida Yakkasaroy tumanida yuz bergan bo`lib, o`shanda jinoyatchilardan biri — Shuhrat Kimsanov (ism-familiyalar o`zgartirilgan) qo`lga tushmay, jazodan qutulib qolgan edi. Bosqinchilikdan keyin Rossiyaga yo`l olgan Shuhrat joriy yilning yanvarida vataniga qaytishni maqsad qiladi. Biroq Orenburg shahrida qo`lga olindi.
Joriy yilning sentyabr oyida jinoyat ishlari bo`yicha Yakkasaroy tuman sudida mazkur ish ko`rib chiqilib, Shuhrat Kimsanovga tegishli jazo tayinlandi. Shuningdek, etkazilgan moddiy zararlar solidar tartibda sudlanuvchi Sh.Kimsanovdan jabrlanuvchi foydasiga undirish belgilandi.
Shunday qilib, oradan 6 yil o`tgan bo`lsa-da, adolat qaror topdi, jinoyat sodir etgan shaxs qilmishi uchun jazo oladigan bo`ldi.
Sevara SAIDJONOVA,
Yakkasaroy tuman prokurorining katta yordamchisi
"Huquq" gazetasidan olindi






