O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 27 noyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining sobiq Bosh kotibi, bugungi kunda Yashil taraqqiyot global instituti assambleyasi va Xalqaro olimpiya qo`mitasining Etika bo`yicha qomissiyasiga rahbarlik qilayotgan Pan Gi Munni qabul qildi.
Mehmon uchrashuvdan keyin O`zA muxbiriga quyidagilarni so`zlab berdi:
– O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev bilan uchrashish men uchun katta sharaf. Suhbatimiz davomida biz ko`plab masalalarni muhokama qildik.
Biz O`zbekiston Prezidentining mamlakatda keng miqyosli islohot va yangilanishlar dasturini boshlash bo`yicha tashabbuslarini to`liq qo`llab-quvvatlaymiz.
Xalqaro hamjamiyat O`zbekistonning qo`shni Afg`onistonda tinchlik va xavfsizlikni ta`minlashga qo`shayotgan hissasini yuksak qadrlaydi. Bugungi kunga qadar O`zbekiston rahbarining tashabbusi bilan afg`on masalasiga bag`ishlangan ikki nufuzli xalqaro forum tashkil etilgani buni tasdiqlaydi. O`zbekistonning qo`shni mamlakatlar bilan chegara bilan bog`liq masalalarni hal etish borasidagi diplomatik sa`y-harakatlari ham e`tiborga molik.

O`zbekiston Prezidenti bilan uchrashuvda, shuningdek, O`zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi o`rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirish masalalarini muhokama qildik.
Orol fojiasi miqyosi va ko`lamiga ko`ra eng dahshatli ekologik falokatdir. Men 2010 yil aprel oyida Orolbo`yiga borganimda juda ayanchli manzaraning guvohi bo`lgan edim. BMTning ko`plab majlislarida har safar ushbu fojiani bartaraf etish masalasini ko`tarishga harakat qildim.
Oxirgi marta mamlakatingizga 2015 yilda kelgan edim. Uch yil o`tib, bu erda keng miqyosli o`zgarishlar ro`y berganiga guvoh bo`ldim. Mamlakatingizda yangilanishlar shamoli yaqqol sezilmoqda.






