AsosiyJamiyat

Tadbirkorlik sub`ektlariga umumbelgilangan soliqlarni to`lashga o`tish tartibi tushuntirilmoqda

'Tadbirkorlik sub`ektlariga umumbelgilangan soliqlarni to`lashga o`tish tartibi tushuntirilmoqda'ning rasmi

Kelgusi yildan soliq siyosatida qanday o`zgarishlar bo`ladi? Tadbirkorlik sub`ektlari uchun berilayotgan soliq imtiyozlari nimalardan iborat? Yil yakuni bo`yicha yillik oboroti 1 milliard so`mdan oshgan yoki yil davomida belgilangan chegaraviy miqdorga etgan korxonalar qay tartibda umumbelgilangan soliqlarni to`lashga o`tkaziladi? Tadbirkorlar Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi tomonidan o`tkazilgan seminarlarda ana shu kabi dolzarb savollarga javob topishdi.

Bugun yurtimizda soliq ma`muriyatchiligini takomillashtirish borasida keng ko`lamli izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu borada O`zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 29 iyunidagi «O`zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi to`g`risida»gi Farmoni muhim huquqiy asos bo`lib xizmat qilmoqda.

Seminarda Konsepsiyaga asosan, 2019 yil 1 yanvardan soliq sohasiga joriy etilayotgan yangiliklar haqida ma`lumot berildi. Xususan, kelgusi yildan boshlab, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig`ining 12 foiz miqdoridagi yagona stavkasi joriy etiladi. Bundan tashqari, Pensiya jamg`armasiga 8 foiz miqdoridagi sug`urta badali to`lovi bekor qilinmoqda. Yagona ijtimoiy to`lov stavkasi 12 foizgacha pasaytiriladi. Mazkur me`yorlarning amaliyotga joriy etilishi orqali mehnatga haq to`lash fondiga soliq yuki kamaytiriladi.

Shuningdek, davlat maqsadli jamg`armalariga yuridik shaxslarning tovar aylanmasidan 3,2 foiz miqdorida undiriladigan majburiy ajratmalar bekor qilinadi. Bundan tashqari, yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig`i, mol-mulkiga solinadigan soliq stavkalari kamaytiriladi.

O`z navbatida soliq stavkalarining pasaytirilishi hisobiga birgina Sirg`ali tumanida 339,8 milliard so`mdan ortiq mablag`larni soliq to`lovchilar ixtiyorida qoldirish imkonini beradi.

Seminarda Prezident Farmoniga asosan, yil yakunlari bo`yicha yillik oboroti 1 milliard so`mdan oshgan yoki yil davomida belgilangan chegaraviy miqdorga etgan korxonalarni umumbelgilangan soliqlarni to`lashga o`tkazish tartibi ko`rgazmali vositalar hamda slaydlar yordamida tushuntirildi.

– Joriy yil 9 oyi yakunlari bo`yicha Sirg`ali tumanida 1 milliard so`mdan ortiq tovar aylanmasiga ega bo`lgan 390 ta korxona mavjud, - dedi Sirg`ali tumani davlat soliq inspeksiyasi boshlig`i Jahongir Mirpo`latov. – Ularning barchasiga 2019 yilning 1 yanvaridan umumbelgilangan soliqlarni to`lashga o`tishlari zarurligi haqida xabarnomalar jo`natilgan. Hozirgi kunga qadar 237 ta korxona umumbelgilangan soliq to`lovchisi sifatida ro`yxatdan o`tdi. Konsepsiyaga asosan soliq sohasiga joriy etilayotgan ushbu yangilik yuzasidan Sirg`ali tumanidagi tadbirkorlardan ko`plab savollar tushayotganligi sababli seminar tashkil etilib, tadbirkorlar bilan bevosita uchrashgan holda javob berildi.

Seminarda hisobot yili yakunlari bo`yicha 1 milliard so`mdan ortiq tovar aylanmasiga ega bo`lgan tadbirkorlar 2019 yil 1 yanvardan umumbelgilangan soliqlarni to`lashga o`tishlari zarurligi haqida Davlat soliq qo`mitasi tomonidan xabar qilinadi. Xabarnoma olgan tadbirkorlar joriy yilning 12 noyabridan 12 dekabrigacha qo`shilgan qiymat solig`i to`lovchisi sifatida ro`yxatdan o`tishlari lozim.

– Ayni paytda korxonamiz yagona soliq to`lovi to`lab kelayotgandi, - dedi tadbirkor Nargiza Umarova. – Joriy yil 9 oyi yakuni bo`yicha umumiy oborotimiz 1 milliard so`mdan oshganligi bois 2019 yildan umumbelgilangan soliqlar to`lashga o`tishimiz haqida xabarnoma oldik. Shundan so`ng umumbelgilangan soliqlarni to`lashga qay tartibda o`tamiz? Soliqlarni qay tartibda to`laymiz? degan ko`plab savollar tug`ilgandi. Ochig`i bir oz ikkilanishlar ham yo`q emasdi. Bugungi seminarda Toshkent shahar davlat soliq xizmati organlari xodimlari barcha savollarimizga javob berishdi.

Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi tomonidan Mirzo Ulug`bek tumanida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar uchun tashkil etilgan seminar ham mazmunan boy va samarali bo`ldi.

Tadbirda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga asosan, yil yakunlari bo`yicha yillik oboroti 1 milliard so`mdan oshgan yoki yil davomida belgilangan chegaraviy miqdorga etgan korxonalarni umumbelgilangan soliqlarni to`lashga o`tkazish tartibi ko`rgazmali vositalar hamda slaydlar yordamida tushuntirildi.

Ma`lumotlarga ko`ra, joriy yilning 9 oyi yakunlari bo`yicha Mirzo Ulug`bek tumanida 1 mlrd so`mdan ortiq tushumlarga ega bo`lgan 576 ta korxona mavjud. Ularning barchasiga umumbelgilangan soliqlarni to`lashga o`tishlari zarurligi haqida xabarnomalar jo`natilgan. Joriy yilning 26 noyabr holatiga 265 ta korxona qo`shilgan qiymat solig`i to`lovchisi sifatida ro`yxatdan o`tishga ham ulgurgan.

Seminarda ishtirokchilar tomonidan Konsepsiya soliq yukini kamaytirish va soliq solish tizimini soddalashtirish orqali iqtisodiyotni jadal rivojlantirish hamda mamlakatning investisiyaviy jozibadorligini oshirishga xizmat qilayotgani qayd etildi.

Tadbirkorlik sub`ektlari vakillari muloqotlar chog`ida soliq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar bois bugungi kunda soliq xodimlari soliq to`lovchilarning ishonchli hamkori, yaqin maslahatchisiga aylanib borayotganligini alohida ta`kidlashdi. Bu esa fuqarolarda ham, tadbirkorlarda ham shu yurtga daxldorlik tuyg`usi shakllanib, insofli soliq to`lovchilar safi kengayayotganidan darak beradi.

O`zaro muloqot tarzida o`tayotgan bu kabi seminarlar poytaxtimizning barcha tumanlarida o`tkaziladi.

Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi

Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot sho``basi

    Boshqa yangiliklar