Ming afsuski, yong`in xavfsizligi qoidalariga rioya qilmaslik yuqoridagi kabi og`ir oqibatlarga olib kelishi mumkinligiga ayrim yurtdoshlarimiz etarli e`tibor qaratmayapti, deb yozmoqda O`zA.
Jumladan, Baliqchi tumanidagi “Ko`l” mahallasida yashovchi Shuhratbek Saidov xonadonida propan gaz balloniga ulangan isitish pechining nosozligi, gaz hidining sizib chiqishi va buni sezmasdan xonadon sohibi olov yoqishi natijasida chaqnash sodir bo`lgan. Buning oqibatida nafaqat uning o`zi, balki o`sha paytda uy ichida bo`lgan qizi Shohista Siddiqova ham kuyib, tan jarohati olgan.
Shuningdek, Andijon shahridagi “Navro`z” mahallasida yashovchi Muxtorjon Muhitdinov esa propan gaz ballonidagi gaz qoldig`i – gazolinni erga to`kayotgan vaqtda 5-6 metr uzoqlikda yonayotgan olovdan alanga olib, chaqnash yuzaga kelgan. Natijada uy sohibi kuyib, tan jarohati olgan.
– Yong`in xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan olib borilayotgan profilaktika va tushuntirish ishlari, ko`rilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan, ayrim fuqarolarni yong`in xavfsizligi qoidalariga rioya qilmasliklari oqibatida joriy yilning o`tgan davrida viloyatda gaz balloni bilan bog`liq 6 ta ana shunday holat sodir bo`lib, 7 nafar fuqaro kuyib, tan jarohati olgan, – deydi Andijon viloyati IIB Yong`in xavfsizligi boshqarmasi katta muhandisi Azizbek Yorqulov. – Bundan tashqari, voqea sodir bo`lgan xonadonlar katta miqdorda moddiy zarar ko`rgan.
"Sodir bo`lgan yong`inlar tahlil qilinganda, ba`zi hollarda fuqarolarning gaz ballonlaridan noto`g`ri foydalanishi, gaz pechlarining nosozligi, gaz ballonlarini ishlatishda yong`in xavfsizligi qoidalariga amal qilmaslik sabab bo`lgani aniqlangan.
Yuqoridagi kabi ko`ngilsizliklar kelib chiqmasligi uchun fuqarolar hamisha hushyor bo`lishi, yong`in xavfsizligi qoidalariga qat`iy amal qilishlari zarur", - deyilgan xabarda.






