Qishloq joylarda va fuqarolarning ayrim toifalari uchun arzon uy-joylar qurishni kengaytirishga oid qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risidagiPrezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.
Qaror bilan qishloq joylarda uy-joy qurilishini yanada rivojlantirish va muhtoj oilalarni arzon uy-joy bilan ta`minlashning ustuvor yo`nalishlari belgilandi.
Qarorga muvofiq, 2019 yildan boshlab quyidagi yangi namunaviy loyihalar bo`yicha arzon uy-joylar quriladi:
- “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan, shuningdek muhandislik-transport kommunikasiyalari bilan ta`minlanmagan hududlarda 0,02 ga o`lchamli er uchastkalarida bir qavatli 3 xonali arzon uylar;
- “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan, shuningdek muhandislik-transport kommunikasiyalari bilan ta`minlangan hududlarda to`rt qavatli (2 va 3 xonali) arzon uylar;
- shaharlarda Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari hamda ichki ishlar organlari xodimlari uchun besh qavatli (2 va 3 xonali) arzon uylar.
Qaror bilan 2019-2020 yillarda qishloq joylarda va fuqarolarning alohida toifalari uchun arzon uy-joylar qurilishi bo`yicha, shuningdek arzon uy-joy massivlarida tashqi muhandislik tarmoqlari, inshootlari va transport kommunikasiyalari qurilishi bo`yicha yig`ma ko`rsatkichlar tasdiqlandi.
Ushbu ko`rsatkichlarga ko`ra 2019 yilda jami 15 ming 10 ta arzon uy-joylar va kvartiralar qurilishi rejalashtirilgan. Ularning 11 ming 70 tasi uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj oilalar uchun mo`ljallangan. Shuningdek, 2019 yilda fuqarolarning alohida toifalari (Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari va ichki ishlar organlari xodimlari) uchun jami 2 ming 10 ta kvartiralar quriladi.
2019 yil 1 iyulgacha arzon uy-joylar qurilishi monitoringi bo`yicha axborot tizimi ishlab chiqiladi.
Endilikda muhandislik-transport kommunikasiyalariga ulanmagan, uzluksiz elektr va suv ta`minoti yo`lga qo`yilmagan arzon uy-joylar foydalanishga qabul qilinmaydi.
Tijorat banklari uy-joy quruvchilarga 2 yillik imtiyozli davr hamda 5 yil mobaynida yillik 7 foiz stavkasi bilan va keyingi davrda Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasi miqdorida:
- qishloq joylardagi arzon uy-joylarni sotib olish uchun – 20 yil muddatga va boshlang`ich badali 10 foiz miqdorida;
- fuqarolarning alohida toifalari tomonidan arzon ko`p kvartirali uylarni sotib olish uchun – 15 yil muddatga va boshlang`ich badali 25 foiz miqdorida ipoteka kreditlari taqdim etadi.
Bundan tashqari, qarorga muvofiq Toshkent shahrida har yili Favqulodda vaziyatlar vazirligi harbiy xizmatchilari, qutqaruvchilari va xodimlari uchun – 56 ta, Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari uchun – 300 ta, ichki ishlar organlari xodimlari uchun – 168 ta, alohida namuna ko`rsatayotgan yosh oilalar uchun – 420 ta, og`ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlar uchun – 66 takvartiralar ajratiladi.






