AsosiySiyosat

Spiker Nurdinjon Ismoilov Qozog`iston Senati raisi bilan uchrashdi

'Spiker Nurdinjon Ismoilov Qozog`iston Senati raisi bilan uchrashdi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov boshchiligidagi delegasiyaning Qozog`iston Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida 27 noyabr kuni Ostona shahrida Qozog`iston Respublikasi parlamenti yuqori palatasida ham bo`lib, Senat raisi Kasim-Jomart Tokaev bilan muloqot o`tkazdilar. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

O`zbekiston va Qozog`iston yaqin qo`shnilar, vaqt sinovidan o`tgan hamkorlardir. Davlatlarimiz o`rtasidagi hamkorlik yuqori ishonch va o`zaro hurmat asosida rivojlanib bormoqda. Turli darajadagi aloqalarning faollashuvi mamlakatlarimizning ko`p qirrali munosabatlarni kengaytirishdan manfaatdor ekanini anglatadi.

Uchrashuv davomida ta`kidlanganidek, davlatlarimiz rahbarlarining o`zaro birgalikdagi sa`y-harakatlari tufayli O`zbekiston–Qozog`iston munosabatlari keyingi yillarda yanada izchillik bilan rivojlanib bormoqda.

— Butun Markaziy Osiyodagi iqtisodiy rivojlanish, barqarorlik va xavfsizlik mamlakatlarimizning faol hamkorligi hamda Qozog`iston va O`zbekistonning jahon arenasidagi birgalikdagi sa`y-harakatiga bog`liq,— deydi Qozog`iston Respublikasi parlamenti Senati raisi Kasim-Jomart Tokaev.

Ikki mamlakat parlamentlarining hamkorligini yanada kuchaytirish mazkur uchrashuvning asosiy mavzusi bo`ldi. Jumladan, alohida qayd etilganidek, mazkur jarayonda xalqaro tajribani o`rganish muhim ahamiyatga ega. Buning uchun parlamentlararo aloqalarni yanada mustahkamlash zarur.


Uchrashuvda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov samimiy qabul uchun hamkasbiga minnatdorlik bildirib, so`nggi paytlarda ikki mamlakatning oliy vakillik organlari o`rtasidagi aloqalar faol rivojlanayotganini ta`kidladi. Ayniqsa keyingi ikki yil ichida O`zbekiston parlamenti Qonunchilik palatasi deputatlari turli tadbirlarda ishtirok etish uchun bir necha bor Qozog`iston Respublikasida bo`ldilar. O`z navbatida, Qozog`iston parlamenti a`zolari ham bir necha bor O`zbekistonga tashrif buyurdi. Bu esa, parlamentlararo munosabatlarning yuqori bosqichga chiqayotganidan dalolatdir.

Konstruktiv va o`zaro ishonch ruhida o`tgan muloqot chog`ida mamlakatlarimiz qonun chiqaruvchi organlari o`rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish, norma ijodkorligi sohasida tajriba almashishga doir masalalar atroflicha muhokama qilindi.

    Boshqa yangiliklar