AsosiyJamiyat

“Xalqaro baxshichilik san`ati festivali”ning g`olibi 7000 AQSh dollari oladi

'“Xalqaro baxshichilik san`ati festivali”ning  g`olibi 7000 AQSh dollari oladi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 1 noyabrdagi “Xalqaro baxshichilik san`ati festivalini o`tkazish to`g`risida”gi qaroriga muvofiq 22 noyabr kuni Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilindi.

Unda Xalqaro baxshichilik san`ati festivalini o`tkazish tartibi va uni 2019 yilda tashkillashtirish bo`yicha “yo`l xaritasi” tasdiqlandi. Qarorda qayd etilishicha, festival har ikki yilda bir marta, 5-10 aprel kunlari Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida o`tkaziladi. Festivalni o`tkazishning aniq sanasi va muddati Xalqaro baxshichilik san`ati festivaliga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish bo`yicha Tashkiliy qo`mita tomonidan belgilanadi.

Festival doirasida baxshichilik va dostonchilik san`atini rivojlantirish, baxshi-shoir, oqin va jirovlar ijodining sharq madaniyati va san`atidagi o`rni hamda ahamiyatini yanada oshirish va boshqa masalalarga oid ilmiy-amaliy konferensiya, xorijiy va O`zbekiston baxshichilik san`ati ustalarining yakka konsertlari, baxshi-shoir, oqin va jirovlar hamda folklor jamoalarining Xalqaro ko`rik tanlovi, sayillar. mamlakatimizning dunyoga mashhur shaxslari hayoti va ijodiy faoliyati haqida zamonaviy usulda sahnalashtirilgan dastur namoyishlari, baxshichilik san`ati tarixiga oid ko`rgazma, o`zbek, fors, arab, ingliz va rus tillarida nashr etilgan ilmiy-tadqiqot asarlari hamda ilmiy-ma`rifiy adabiyotlar namoyishi o`tkaziladi.

Ko`rik-tanlovda chiqish uchun fonogrammalardan foydalanishga ruxsat etilmaydi, lekin tarkibi 5 nafar musiqachidan ko`p bo`lmagan 1 ta cholg`u ansambli jo`r bo`lishi mumkin, deyiladi qarorda.

Xalkaro hay`at tomonidan ko`rik-tanlov ishtirokchilarining chiqishlari ikkita yo`nalish bo`yicha baholanadi:

Doston ijrochiligi yo`nalishi;

Cholg`u ijrochiligi yo`nalishi.

Ko`rik-tanlov g`oliblari Tashkiliy qo`mita tomonidan diplom, statuetka va quyidagi miqdorlarda pul mukofotlari bilan taqdirlanadi:

“Gran-pri” - 7 000 AQSh dollari;

I- o`rin (har bir yo`nalish bo`yicha) 2x5 000 - 10 000 AQSh dollari;

II- o`rin (har bir yo`nalish bo`yicha )2xZ 500 -7 000 AQSh dollari;

III- o`rin (har bir yo`nalish bo`yicha) 2x2 500 - 5 000 AQSh dollari;

Xalqaro hay`at qaroriga muvofiq loyiq nomzod topilmaganda “Gran-pri” berilmaydi.

Ko`rik-tanlovda sovrindor (laureat) bo`lgan ishtirokchilar keyingi yillarda o`tkaziladigan ushbu ko`rik-tanlovda boshqa ishtirok etolmaydi, faxriy mehmon sifatida festivalga taklif etilishi mumkin. Ko`rik-tanlovda qatnashib, o`rin egallamagan ishtirokchi ko`rik-tanlovda qayta qatnashish huquqiga ega.

Tashkilotchi, ijodiy uyushmalar, jamg`armalar va boshqa tashkilotlarning mustaqil ravishda hay`at a`zolari va muxlislar e`tirofiga sazovor bo`lgan ishtirokchilar “Eng yosh baxshichilik san`ati ishtirokchisi”, “Muxlislar e`tirofiga sazovor bo`lgan eng yaxshi ishtirokchi”, “Eng yaxshi cholg`u ijrochisi” kabi nominasiyalar va boshqa nominasiyalar bo`yicha maxsus diplom va 500 AQSh dollari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadilar.

Festivalning xar bir qatnashchisiga “Xalqaro baxshichilik san`ati festivali”ning faol ishtirokchisi sertifikati beriladi.

    Boshqa yangiliklar