Yakshanba tongi o`zbekistonlik boks muxlislari uchun okean ortidan yangragan xushxabarlar bilan boshlandi. AQShning Atlantik-Siti shahrida bo`lib o`tgan professional boks oqshomida uch nafar o`zbekistonlik bokschilar ringga ko`tarilishdi va uchchalasi ham raqiblarini muddatidan avval mag`lubiyatga uchratishdi.
Oqshom janglarida hamyurtlarimizdan birinchi bo`lib buxorolik Shahram G`iyosov ringga ko`tarildi. Shu kungacha professional boksda beshta jang o`tkazib, uning to`rttasida muddatidan oldin yutuqni qo`lga kiritgandi. Meksikalik Migel Zamudioga qarshi bu galgi reyting jangi ham yurtdoshimizning to`la ustunligida o`tdi.
Bokschimiz sakkiz raundga mo`ljallangan jangning birinchi raundidayoq raqibini nokautga uchratdi. Shahramning zarbalaridan o`ziga kela olmagan va ikki bor vaqt cho`zilmaganligini inobatga olmaganda birinchi raundning 47-soniyasida bosh hakam jangni to`xtatishga majbur bo`ldi. Shu t ariqa yurtdoshimiz faoliyatidagi oltinchi g`alabasini tantana qildi.
Vaholanki, Shahramning raqibi Zamudio ancha tajribali bokschilar sirasiga kiradi. 27 yoshli meksikalik professional boksda 54 marotaba jang qilishga ulgurgan. Janglarning 41 tasida g`alaba qozongan (25 tasi nokaut evaziga), 12 ta jangda esa mag`lubiyat alamini totib ko`rgan (10 ta nokaut). Yana bitta jangda durangga erishgan.

Professional boksdagi debyutini nishonlagan Isroil Madrimov chempionlik kamari uchun meksikalik Vladimir Ernandesga qarshi ringga ko`tariladi va tinimsiz ustunligiga qaramay oltinchi raunda raqibini taslik eta oldi. Hamyurtimiz professional ringdagi ilk jangini meksikalik Vladimir Ernandesga qarshi o`tkazdi.
10 raundga mo`ljallangan jangning oltinchi raundida hamyurtimiz raqibini nokautga uchratdi va prof ringdagi faoliyatini g`alaba bilan boshladi. Bokschimiz ushbu g`alaba orqali debyut jangidayoq WBA Intercontinental kamariga ega chiqdi. Isroilning raqibi ham ancha tajribali hisoblanadi. Ernandes prof boksda 13 t jang o`tkazib, 10 tasida g`alaba qozongan. Oltita jangda raqiblarini nokautga uchratgan. Madrimovga qarshi jangda u uchinchi mag`lubiyatini qabul qilib oldi.
Va nihoyat, yurtdoshlarimizdan so`nggisi sifatida ringga chiqqan Murodjon Ahmadaliev o`ziga tegishli bo`lgan WBA International chempionlik kamarini amerikalik Isaak Zaratedan himoya qildi.

Olimpiya o`yinlari va jahon chempionati sovrindori, Osiyo chempioni Murodjon Ahmadaliev professional boksdagi beshinchi jangini ham ko`tarinki ruhda o`tkazdi va kutilganidek u ham g`alabasini nishonladi. 10 raundga mo`ljallangan jangning barcha raundlarini faol o`tkazgan hamyurtimiz to`qqizinchi raundga kelib raqibini nokautga uchratdi.
Ahmadaliev professional faoliyati davomida bugungisi bilan qo`shib hisoblaganda besh marotaba ringga chiqqan va ularning barchasida g`alaba qozongan. Janglarining to`rttasini nokaut evaziga o`z foydasiga hal qilgan. Uning bugungi raqibi Zarate esa 23 ta jang o`tkazib, 16 ta g`alabaga erishgan. Uchta jangda durang qayd etilgan va yana 4 ta bahsda mag`lubiyatga uchragan.






