Jahon Fanlar akademiyasi (Triest, Italiya) va Xitoy Xalq Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti Bay Chunli boshchiligidagi Xitoy ilmiy-tekshirish muassasalari rahbarlaridan iborat delegasiya 23 noyabr kuni Innovasion rivojlanish vazirligiga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.
Delegasiya O`zbekiston Respublikasi Innovasion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov va vazirlikning mas`ul xodimlari tomonidan qabul qilingan. Uchrashuv davomida vazirlik faoliyati bilan yaqindan tanishgan mehmonlar hozirda Xitoy va O`zbekiston o`rtasidagi hamkorlik yuqori darajada ekanini ta`kidlab, ilmiy-tadqiqot sohasini ham birgalikda rivojlantirish bugungi kun talabi ekanligini ta`kidlashdi.
Yuzdan ortiq ilmiy-tadqiqot muassasalarini o`z ichiga olgan Xitoy Fanlar akademiyasi yuqori texnologiyalar, innovasiyalarni iqtisodga joriy etish bo`yicha etakchi tashkilot hisoblanadi. Uning boshqa mamlakatlar Fanlar akademiyalaridan farqli jihati shundaki, u nafaqat ilmiy tadqiqotlar bilan shug`ullanadi, balki uning qoshidagi uchta yirik universitet turli yo`nalishlar bo`yicha magistrantlar va doktorantlarga ta`lim berish bilan ham shug`ullanadi.
Bugungi kunda bu universitetlarda xorijlik talabalar, yosh ilmiy xodimlar uchun maxsus stipendiyalar joriy qilingan bo`lib, ayni paytda bu ta`lim muassasalarida 20 nafardan ortiq o`zbekistonliklar ham o`qiydi. Innovasion rivojlanish vaziri yurtdoshlarimizning mazkur dasturlar bo`yicha o`qishlari uchun yanada kengroq sharoitlar yaratish zarurligi haqida takliflarni ishlab chiqish mumkinligini aytib, bugungi kunga kelib taxminan shuncha yosh olim vazirlik qoshidagi Jamg`arma hisobidan turli mamlakatlar universitetlarida ta`lim olib qaytganlari haqida ma`lumot berdi. Tomonlar ta`limning bu yo`nalishini rivojlantirish borasida hamkorlikda ishlar amalga oshirish, birgalikda grantlar e`lon qilish, xitoy ilmiy-tadqiqot muassasalarining filiallarini ochish mumkinligini qayd etishdi.
Xitoylik olimlar global iqlim isishi va qurg`oqchilik bo`yicha ilmiy izlanishlar asosida qator amaliy ishlarni amalga oshirayotganlarini inobatga olib, Orolbo`yi hududida yuzaga kelgan jiddiy muammolarni bartaraf etishga hissasini qo`sha oladigan malakali ilmiy kadrlar tayyorlash masalalarini ko`rib chiqish lozimligi muhokama qilindi. Jumladan, qurg`oqchilik va sho`ralagan tuproq sharoitida o`sib unadigan, hosil beradigan o`simliklar urug`larini etishtirish masalasi dolzarbligi ham alohida e`tibor qaratildi. O`zbekiston va Xitoy urug`chilik tajribalari bilan almashinish zarurligi ta`kidlandi.
Professor Bay Chunli noyabr oyining boshlarida Ilmiy-texnikaviy rivojlanishni qo`llab quvvatlovchi xalqaro ittifoq tuzilganini va unga 9 mamlakat Fanlar akademiyalari, jumladan, O`zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi ham kirganini aytib, mazkur platformada ko`plab sermahsul ilmiy izlanishlar qilish, yosh olimlarni tayyorlash mumkinligini aytdi. Bundan tashqari “Bir makon – bir yo`l” iqtisodiy rivojlanish strategiyasi va Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida innovasion loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari kengligi bois ikki davlatlarning ilmiy-tadqiqot muassasalari o`z oldiga aniq, jamiyat va xalq uchun foydali maqsadlarni qo`yib, hamkorlikni yanada kuchaytirishlari lozimligi qayd etildi.
Shu kuni delegasiya a`zolari poytaxtimizning Yunusobod tumanidagi o`zbek-xitoy ilmiy-texnologik parkining tantanali ochilish marosimida ham ishtirok etishdi.






